
Jamiyat
Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher Toʻxtayev Pokiston Qurolli kuchlari shtablar boshliqlari birlashgan qoʻmitasi raisi general Sahir Shamshad Mirza bilan Islomobodda uchrashdi. Bu haqda Dunyo nashri xabar berdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, harbiy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, mintaqaviy xavfsizlikni taʻminlash, yuzaga kelayotgan tahdidlarni birgalikda bartaraf etish mexanizmlari muhokama qilindi.
General ikki tomonlama hamkorlikni barcha yoʻnalishlarda kengaytirish zarurligini alohida qayd etdi. U umumiy tarix, din, madaniyat va anʻanalar ikki qardosh xalq oʻrtasidagi ishonch va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omili ekanini taʻkidladi.
Sahir Shamshad Mirza, shuningdek, Transafgʻon temiryoʻlini barpo etish loyihasiga alohida toʻxtalib, mazkur strategik loyiha Janubiy va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni taʻminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini aytib oʻtdi.
– Kobul shahrida Transafgʻon temiryoʻli qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini moliyalashtirish boʻyicha imzolangan uch tomonlama hadli bitimni olqishlayman, – dedi u. – Pokiston tomoni Oʻzbekiston rahbariyatining bu yoʻnalishdagi tashabbuslarini kelgusida ham faol qoʻllab-quvvatlaydi.
Muloqot davomida ikki davlat oʻrtasidagi gumanitar va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga eʻtibor qaratildi. Toshkentdan Islomobod va Lahorga toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani ikki xalq oʻrtasidagi yaqinlashuvning yaqqol misoli sifatida qayd etildi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga toʻxtalar ekan, general Oʻzbekiston va Pokiston rahbarlari tomonidan savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻyilgan vazifani samarali bajarish uchun koʻmaklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Tomonlar 2025-yilga moʻljallangan qoʻshma reja muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etdi, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik doirasida ofitserlar uchun maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish muhimligi taʻkidlandi.
Uchrashuv yakunida Pokiston tomoni Oʻzbekiston bilan harbiy, harbiy sanoat, harbiy taʻlim, mintaqaviy xavfsizlik va Transafgʻon temiryoʻli loyihasini ilgari surish boʻyicha keng qamrovli maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q