“Madaniyat toʻlqinlari” media tanlovi eʻlon qilindi

Saqlash
15:08 / 28.08.2025 80 0

 

Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Respublika Maʻnaviyat va Maʻrifat markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu loyiha gʻoliblari katta sovrinlarga ega boʻladi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Respublika Maʻnaviyat va Maʻrifat markazi hamkorligida start olgan ushbu loyiha butun Oʻzbekiston boʻylab iqtidorli yoshlarni bir maydonga toʻpladi.

 

Vazirlik maʻlum qilishicha, 100 dan ortiq videoroliklar toʻplangan va taqdim etilgan, eng sara ishlarga baho berilgan.

 

“Ammo bu oxiri emas. Tanlov muddati uzaytirildi – endi sizda ham imkoniyat bor. Bu safar faqatgina 16 ta eng sara videoroliklar tanlab olinadi va gʻoliblar katta sovrinlarga ega boʻladi” deyiladi vazirlik xabarida.

 

Tanlov quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkaziladi:

 

– Milliy gʻurur tushunchasini targʻib qilish, Vatanga sadoqat tuygʻusini ommalashtirish;

 

– Tibbiyot, taʻlim, IIV, xizmat koʻrsatish kabi sohalarda kasbiy madaniyatni rivojlantirish;

 

– Ota-ona va farzandlar oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, “ota-onam nimaniyam bilardi” degan notoʻgʻri tushuncha shakllanishining oldini olish;

 

– Zamonamiz qahramoni deb atash mumkin boʻlgan oramizdagi oddiy insonlarni ommaga tanitish;

 

– Qiz farzandlarni oʻqitish, kasb-hunarli boʻlishi hamda zamonaviy ilmlarni egallashiga koʻmaklashish, shu orqali qadimiy “Alp Ona” taomili mohiyatini ommalashtirish;

 

– Oʻzining bilimi, mehnati va intilishlari tufayli jamiyatda munosib oʻrin topgan yoshlar hayotini aks ettiruvchi, boshqalarni muvaffaqiyatlar sari undovchi taʻsirchan ijtimoiy roliklar;

 

– Mahalla – tarbiya maskani (masalan: mahallada insonlar oʻrtasida doʻstona munosabatni shakllantirish, yoshlarni mahallada faol boʻlishga undash, “ozodalik — mahalladan boshlanadi” degan tushunchalarni targʻib etish);

 

– Yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shugʻullanishga undash, oʻz kuchiga ishonishni, sinovlardan choʻchimaslikni targʻib etish;

 

– Yildan-yilga unutilib borayotgan milliy qadriyat va anʻanalarni ommalashtirish hamda ularning ahamiyatini ongga singdirib borish (masalan: bugungi kunda yosh onalar deyarli alla aytmayapti, aslida esa bu millatning oʻzligini belgilovchi qadriyat hisoblanadi);

 

– Vatanning har qarich yerini qoʻriqlash, yurt ozodligi yoʻlida jon fido qilishni sharaf deb bilish, jangovar shaylikni mustahkamlash – bunda har bir fuqaro masʻul ekanini singdirish.

 

Sovrinlar soni va muddat cheklangan. Videoyingizni taqdim eting va “Madaniyat toʻlqinlari” sahnasida ishtirok eting. Videoroliklar joriy yilning 15-sentyabriga qadar qabul qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//