“Fuqarolarimizni xorijda himoya qilish davlat siyosatining muhim yoʻnalishi” – TIV

Saqlash
11:27 / 28.08.2025 46 0

 

Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada “Oʻzbekistonda hech narsa yoʻq, shuning uchun bu yerga kelgansan” deya haqoratlangan oʻzbek voqeasidan soʻng bayonot berdi.

 

Oʻzbekiston fuqarolari dunyoning istalgan nuqtasida boʻlishidan qatʻi nazar, davlat himoyasida, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi. Xabarda aniq bir holat tilga olinmagan, lekin bir necha kun oldin Rossiyada oʻzbekistonlik ekani aytilgan taksi haydovchisi bilan bogʻliq holat muhokamalarga sabab boʻlgandi.

 

Oʻsha holatda bir erkak taksi haydovchisi bilan janjallashib, uni haqorat qilgan. Mahalliy fuqaro haydovchiga: “Sen qulsan, ruslarning qulisan! Ogʻzingni ochma”, deya xitob qilgan. Shuningdek, u “Oʻzbekistonda hech narsa yoʻq, shuning uchun bizga kelgansan. Sen oʻz uyingda emassan, ishlashga kelgansan, ishingni qil” deya baqirgan.

 

TIV fuqarolar Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, milliy qonunlar va xalqaro huquqning umumeʻtirof etilgan prinsiplari hamda normalariga asosan himoya qilinishini taʻkidladi.

 

“Agar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari yoki qadr-qimmati xorijda buzilsa, ular darhol qabul qiluvchi davlatning vakolatli huquq-tartibot organlariga murojaat qilishlari zarur. Shuningdek, fuqarolar Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga huquqiy va konsullik yordami soʻrab murojaat qilishi mumkin”, – deyiladi vazirlik xabarida.

 

Fuqarolarni xorijda himoya qilish davlat siyosatining muhim yoʻnalishi ekani va bu masʻuliyat davlatning oʻz fuqarolari oldidagi majburiyatlari asosida amalga oshirilishi qoʻshimcha qilindi.

 

Gazeta.uz nashri Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxanovdan yuqoridagi holat va eʻlon qilingan bayonot boʻyicha izoh soʻradi.

 

“Bu xabarimiz xorijdagi hamma fuqarolarimiz, jumladan, oʻsha holatga ham tegishli. Hozircha (oʻsha fuqaroning) murojaatini olmaganmiz, murojaat boʻlsa, xabar beramiz”, – degan TIV rasmiysi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//