Prezident Mustaqillik bayrami arafasida 523 nafar mahkumni afv etdi

Saqlash
09:12 / 28.08.2025 55 0

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston mustaqilligining 34-yilligi arafasida jazoni oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “Oʻzbekiston 24” telekanali xabar berdi.

 

Lavhada taʻkidlanishicha, avf etish akti sodir etilgan jinoyat faktini bekor qilmaydi, aksincha “aybini anglagan, qilmishidan pushaymon boʻlgan va oʻzini yaxshilash istagini isbotlagan shaxslar uchun imkoniyat” hisoblanadi.

 

Hujjat bilan 523 nafar mahkum afv etildi. Avf etilganlarning umumiy sonidan:

 

195 nafar shaxs jazodan butunlay ozod etildi;

147 nafari — shartli-erta;

87 nafarining jazosi yengilrogʻiga almashtirildi;

94 nafarining qamoq muddati qisqartirildi.

 

Avf etilganlar orasida:

 

45 nafar ayol;

60 yoshdan oshgan 31 kishi;

30 yoshgacha boʻlgan 220 kishi,

shu jumladan, bitta voyaga yetmagan shaxs;

8 nafar chet el fuqarosi, xususan, Tojikistondan 6 nafar va Serra Leonedan 1 nafar shaxs;

15 nafar ilgari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan shaxs bor.

 

Farmon ijrosini taʻminlash maqsadida prokuratura va tegishli idoralar tomonidan ozod etilgan shaxslarni yashash joyiga yetkazish, shuningdek, chet el fuqarolarini oʻrnatilgan tartibda oʻz vataniga deportatsiya qilish ishlari tashkil etildi.

 

Barcha ozodlikdan mahrum etilganlar profilaktika va sinov daftariga joylashtiriladi. Ularga bir martalik moddiy yordam, zarur hollarda — chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtish va davolanish, ishga joylashish, kredit va subsidiyalar olish, shuningdek, fuqarolik hujjatlarini rasmiylashtirish va pensiya olishda koʻmak koʻrsatiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//