Narxi arzonlashgani aytilgan AI-92 benzini qimmatlashdi

Saqlash
16:37 / 27.08.2025 39 0

Oxirgi haftalarda benzin quyish shoxobchalarida AI-92 benzini sezilarli qimmatlashdi. Narxlar iyul oyining o‘rtalaridan keyin 7,6 foizgacha oshgan. Shu bilan bir paytda AI-80 narxi ham ko‘tarilgan.

 

11-avgust kuni “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi “AI-92 benzini narxi arzonlashtirildi” degan sarlavhali bayonot bilan chiqqandi.

 

Bayonotda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan AI-92 rusumli avtobenzinning birja savdolaridagi boshlang‘ich narxi tonnasiga 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mgacha yoki 2 foizga tushirilgani aytilgan.

 

“Bu, o‘z navbatida, 1 litr AI-92 markadagi avtobenzinning birjadagi boshlang‘ich narxi 9 400 so‘m degani”, deyiladi kompaniya xabarida.

O‘tgan davr mobaynida birjadagi narxlar 13-avgust kuni 12 mln 991 ming so‘mga ko‘tarilgan bo‘lsa, 22 avgust kuni 12 mln 633 ming so‘mgacha pasaygan. 25-avgust kuni savdolarda esa mahsulotning 1 tonnasi uchun narx 12 mln 855 ming so‘mni tashkil etgan.

 

Shoxobchalarda esa narxlar oshdi. Xususan, Mustang va Poytaxt Oil AYoQShlarida iyul oyi o‘rtalaridan beri AI-92 narxi 10 500 so‘mdan 11 300 so‘mgacha yoki 7,6 foizga ko‘tarilgan.

 

Avvalroq, qator AYoQShlarda AI-80 benzini narxi 9100 so‘mga ko‘tarilgani xabar qilingandi. Bu markadagi benzin ishlab chiqarish yaqin oylarda to‘xtalishi mumkinligini hisobga olsak, avtomobiliga gaz uskunasi qo‘yishni xohlamagan haydovchilarning yoqilg‘i xarajatlari ancha-muncha oshadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//