Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirdi

Saqlash
15:19 / 27.08.2025 73 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan turli soha vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi. Bugun Toshkent shahrida ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

 

Prezident yig‘ilganlarni Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, mamlakatimizda erishilayotgan natijalarning asosi, sa’y-harakatlarning mohiyati haqida alohida to‘xtaldi.

 

“Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlarimiz qanday ulkan natijalar berayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. O‘tgan sakkiz yilda yalpi ichki mahsulotimiz shiddat bilan o‘sib, 115 milliard dollarga yetdi. Bugun bitta raqamni birinchi marta aytmoqchiman: Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, bu yil iqtisodiyotimiz hajmi 130 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ya’ni, ilgari bunday o‘sish, bunday yuksak e’tirof hech qachon bo‘lmagan”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Qayd etilishicha, o‘tgan sakkiz yilda aholi uchun 500 mingdan ziyod ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Bu mustaqillikning dastlabki 25 yiliga nisbatan to‘rt karra ko‘p. Mahalla infratuzilmasini yaxshilash, qishloqlarni, yo‘llarni obod qilish uchun 60 trillion so‘m mablag‘ sarflandi. Yoki, 155 milliard dollar sarmoya hisobiga 100 mingdan ortiq investitsiya loyihalari ishga tushirildi, 7 milliondan ziyod aholi daromadli bo‘ldi.

 

So‘nggi sakkiz yilda ijtimoiy infratuzilmaga oldingi yillarga nisbatan olti karra ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada bog‘cha o‘rinlari 720 mingdan 2,5 millionga yetkazildi. 466 ta yangi maktab qurilib, 1 millionga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratildi. Talabalar soni 279 mingdan 1,5 million nafarga oshirilib, oliy ta’limda qamrov 40 foizga olib chiqildi.

 

Ta’kidlanganidek, bugun biznes vakillari iqtisodiyotimizning chinakam tayanchiga aylandi. Birgina qurilish sohasini oladigan bo‘lsak, bu yo‘nalish oldin hech qachon hozirgidek jadal rivojlanmagan. Ilgari qurilishlar faqat davlat buyurtmasi asosida bo‘lar edi. Bugun xususiy qurilish kompaniyalari soni 30 mingdan oshdi, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 6 milliard dollarga yaqinlashdi.  Hozirgi kunda O‘zbekiston tom ma’noda ulkan qurilishlar maydoniga aylandi.

 

Birgina o‘tgan yilning o‘zida 23 milliard dollarlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Bu 2016-yilga nisbatan 4 karra ko‘p. Bunday ulkan o‘zgarishlarni qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda ham ko‘rish mumkin.

 

Mamlakatimizda faqat sanoat bilan cheklanib qolmasdan, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga ham alohida ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi.

 

“Avvallari 500 million dollarga yetmagan turizm eksporti hozir 3 milliard dollarlik marradan oshdi. Yetti-sakkiz yil oldin IT eksporti 1 milliard dollarga yetadi, desa, bunga kim ishonardi? Eng muhimi, barcha tarmoqlarga yangi ilm, zamonaviy texnologiyalar kirib keldi.  Ularda yuz minglab ish o‘rinlari va yuqori malakali kadrlar armiyasi paydo bo‘ldi. Har bir sohada Yangi O‘zbekistonning o‘z strategiyasi, tajriba maktabi shakllandi”, deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

 

Tadbir davomida “O‘z mehnati bilan mana shunday qadr topish, el-yurt nazarida bo‘lishdek buyuk baxt sizlarni hech qachon tark etmasin”, dedi prezident mukofotlanganlarga. 

 

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//