Shoberdi baxshi Boltayev 81 yoshida vafot etdi

Saqlash
09:24 / 26.08.2025 38 0

26-avgust kuni O‘zbekiston Xalq baxshisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Shoberdi baxshi Boltayev 81 yoshda vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

 

Shoberdi baxshi Boltayev o‘zining butun hayotini baxshichilik san’atiga, milliy dostonchilik an’analarini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishga bag‘ishlagan. U ko‘plab xalq dostonlarini yodlab, ustoz-shogird maktabini shakllantirishda, yosh baxshilarni tarbiyalashda va ularni xalqaro maydonlarga olib chiqishda fidokorona xizmat qildi. Uning ijrosi nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni mamlakatlarda va xorijiy sahnalarda ham keng e’tirof topgan, deyiladi axborot matnida.

 

Uning “Alpomish”, “Oltin qovoq”, “Ollanazar Olchinbek”, “Kuntug‘mish”, “Suluvxon”, “Sanam gavhari”, “Malla savdogar”, “Oyparcha” kabi dostonlar va “Do‘mbiram”, “Mehmondir”, “Tilar”, “Nima kerak?”, “Bilmadi”, “Oypari” kabi termalari xalq qalbidan joy olgan.

 

Shoberdi baxshi Boltayev xalqimiz qalbida samimiyligi, insoniy fazilatlari, sadoqati va ijodiy jonkuyarligi bilan mangu yashab qoladi. U qoldirgan ma’naviy meros — xalqimizning bebaho boyligidir.

Baxshinig so‘nggi videolaridan birida aytgan termasida shunday satrlar bor edi:

 

Qatorlarga tirkaganim normikan,
Norlarga ortganim Hoshimjon zarmikan,
Dunyoga bir kelib ketdim, Hoshimjon-ey
Mendek baxshi elga qaytib kelarmikin...

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//