
Jamiyat
Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni soxta kosmetologlar xizmatidan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda xotin-qizlar yuz qismida o‘tkazilgan ayrim amaliyotlar noxush oqibatlarga olib kelayotgani bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paymoqda.
“Yuzdagi nuqsonlarni bartaraf etaman, deb kosmetolog huzuriga borgan, biroq tuzalish o‘rniga kutilmagan muammoni orttirib olgan ayollarning ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozli chiqishlari ham kuzatilyapti”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, xabarda ba’zi go‘zallik salonlari, xususiy klinikalarda hech qanday huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan sertifikatlar bilan bunday xizmatlarni ko‘rsatish holatlari kundan-kunga ko‘payib borayotgani aytiladi.
Shu boisdan vazirlik kosmetologiyaga ehtiyoji bor xotin-qizlarni litsenziyaga ega kosmetologlarga borishni tavsiya qilmoqda.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, tibbiy kosmetologiya ixtisosligi bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatida yuqoridagi keltirilgani singari noxush holatlar uchramagan.
“Huquq-tartibot idoralariga kelib tushayotgan murojaatlar asosan litsenziya va diplomsiz faoliyat olib borish natijasida kelib chiqqan asoratlar hamda nojo‘ya ta’sirlarga daxldordir. Sababi, litsenziyasiz ishlash — sertifikatlanmagan mahsulot va tibbiy anjomlarni qo‘llash, fiziologiya hamda anatomiya asoslarini bilmaslikni anglatadi”, deyiladi SSV xabarida.
“Oddiy go‘zallik salonlari yoki tibbiyot tashkiloti hisoblanmaydigan turli kosmetologiya markazlarida tegishli ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar tibbiy kosmetologiya bilan shug‘ullanayotgani bu muammolarning bosh omilidir”, deydi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulug‘bek Sobirov.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, ular tegishli hujjatlar asosida kosmetologiya xizmatini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida hisobdan o‘tib, faoliyat olib borayotgan fuqarolardir. Ushbu kosmetologlar shifokor bo‘lmaganliklari uchun ular faoliyatini nazorat qilish sog‘liqni saqlash organlarining vakolatida emas.
Vazirlik mazkur yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash choralari ko‘rilayotganini ham ma’lum qildi. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiy kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘ridagi Nizom va uni tasdiqlash haqidagi buyruq ishlab chiqilgan.
Bu hujjat asosida davlat tibbiyot muassasalari tomonidan alohida tibbiy kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi hamda shifokor-kosmetologlarga qo‘yilgan talablar belgilangan.
Ayni paytdagi mavjud holat va fuqarolardan bo‘layotgan murojaatlarni e’tiborga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi ogohlantiradi:
“Tibbiy kosmetologiya xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, albatta, tegishli davlat tibbiyot muassasasi yoki shu ixtisoslik bo‘yicha tibbiy faoliyatga litsenziya olgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga murojaat qiling”.
Madaniyat
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q