Xalq banki “suyunchi puli” haqida tarqalayotgan xabarlarga raddiya bildirdi

Saqlash
12:01 / 25.08.2025 66 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Xalq banki qolgan pulni nima qilyapti?” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.

 

Ularda aytilishicha, bankning mobil ilovasi “Xazna”da suyunchi miqdori eski summa bo‘yicha, ya’ni 811 965 so‘m ( 1 155 000 so‘m * 70.3%) holatda turibdi.

 

Bunga ilova yangilanmaganligi sabab sifatida keltirilgan.

 

Xalq banki matbuot kotibi “suyunchi puli” belgilangan miqdordan kam berilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

 

“Ma’lumki, farzand tug‘ilganda beriladigan nafaqa puli (suyunchi puli) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEEKM) 70,3% etib belgilangan.

 

Joriy yilning 1-avgustidan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 271 000 so‘m etib belgilangach, bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa puli miqdori 893 513 so‘mni tashkil qilmoqda”, deyiladi raddiyada.

 

Bankning mas’ul xodimi ushbu nafaqa turi Ijtimoiy Himoya Milliy Agentligi tomonidan tayinlanishi va moliyalashtirilishini, mablag‘lar esa Xalq banki tomonidan fuqarolarga to‘lab berilishini bildirdi.

 

“Suyunchi pulini tayinlash va uning miqdorini belgilash bank vakolatiga kirmaydi”, deydi Xalq banki matbuot kotibi.

 

Shuningdek, u ilovaning yangilanishi yoki yangilanmasligi bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa puliga (suyunchi) hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini eslatib o‘tdi.

 

Bundan tashqari, raddiyada, tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgan bir holatga e’tibor qaratish so‘ralgan.

 

Gap shundaki, agar bola 1-avgustga qadar tug‘ilgan bo‘lsa, “suyunchi puli” eski tartibda 811 365 so‘m miqdorda to‘lab beriladi. “Suyunchi puli”ning ko‘tarilgan miqdori 1-avgustdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun amal qiladi.

 

“Ommaviy axborot vositalari va blogerlarni ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishda xolislikka chaqirib qolamiz”, deyiladi Xalq banki bildirgan raddiyada.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//