
Siyosat
O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yildagi ilk ochiq muloqotdan buyon shu kungacha tadbirkorlarning mingga yaqin tashabbusi qonunchilikda o‘z aksini topgan. Buning natijalarini nafaqat tadbirkorlar, balki butun aholi o‘zining kundalik hayotida his qildi.
Bugungi ochiq muloqotga tayyorgarlik davomida 26 ta sohaning 7 mingga yaqin vakillari bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazildi. “Call-markaz” orqali ham 13 mingdan ziyod murojaat va tashabbuslar kelib tushdi.
Ta’kidlanishicha, hozirgi murakkab sharoitda har bir kun muhimligini inobatga olib, ochiq muloqotni kutib o‘tirmasdan, meva-sabzavot eksporti va to‘qimachilikda to‘planib qolgan muammolarga yechim topib berildi.
O‘tgan haftada biznesni “soyadan” chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha ham tadbirkorlarga yanada qulay sharoitlarni nazarda tutgan katta yangiliklar e’lon qilindi.
Jumladan, ishini kichik loyihadan boshlab, biznesda tajriba va malaka to‘plagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni 50-100 nafar odam ishlaydigan baquvvat korxonalar sohibiga aylantirish maqsadida YATT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etildi.
Endi bunday tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tishdan tortib hisobot topshirishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni jamlagan raqamli platformalar yaratiladi. Bunda tadbirkorlar kerakli hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolashi mumkin. Ishchilarga elektron hamyon orqali “kunbay”, “soatbay” maosh to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Aytilishicha, mamlakatimizda 40 dan ziyod elektron to‘lov tashkilotlari mavjud bo‘lib, aholimiz o‘ziga qulay mobil ilovadan foydalanmoqda. Endi 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi.
Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1-yanvardan bir xil, ya’ni aylanmadan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tkaziladi.
Masalan, hozir aylanmasi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tadbirkor yillik 12 million so‘mgacha qat’iy soliq o‘rniga ko‘pi bilan 1 million so‘m to‘laydi. Yoki aylanmasi 100 milliondan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 million so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.
“Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion so‘m, tasavvur qilyapsizlarmi, 1 trillion so‘m qolayapti. Bu – kichik biznes uchun qo‘shimcha resurs, yakka tadbirkorlar o‘z biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat”, dedi Prezident.
Jahon
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q