MIB tarixida yangi rekord: Toshkentda ota oldindan 2,4 mlrd so‘m aliment to‘ladi

Saqlash
12:26 / 20.08.2025 55 0

Toshkentda alimentdan qarzdor ota voyaga yetmagan 4 nafar farzandi ta’minoti uchun 2,4 mlrd so‘m miqdoridagi aliment pulini oldindan to‘ladi. Bu haqda MIB matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 19-avgust kuni MIBning Uchtepa tuman bo‘limiga qarzdor ota 2,4 mlrd so‘m miqdoridagi aliment pulini oldindan amalga oshirish uchun tashrif buyurdi. Sudning buyrug‘iga asosan qarzdor Sh.J.dan undiruvchi Sh.D foydasiga voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandi ta’minoti uchun ½ qismi miqdorida aliment undirish haqidagi ijro hujjati kelib tushgan bo‘lib, ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

 

Shuningdek, qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulkni aniqlash maqsadida vakolatli organlarga so‘rovnoma yuborilgan hamda olingan javob xatiga ko‘ra, qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulki aniqlanmagan.

 

O‘tkazilgan ijro harakatlar davomida, qarzdor Sh.J voyaga yetmagan 4 nafar farzandi ta’minoti uchun ular voyaga yetguniga qadar oldindan aliment miqdorini hisoblab berishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan. Shunga ko‘ra, aliment miqdori qarzdorning ish haqi va boshqa daromadining 50 foizi miqdorida 2025-yil 1-avgustdan  2041-yil 1-aprelga qadar (16 yillik) hisoblanganda jami  2 442 482 580 so‘m aliment miqdorida vujudga kelgan.

 

Olib borilgan ijro harakatlar davomida, qarzdor Sh.J tomonidan bu miqdoridagi aliment puli uy ko‘rinishida undiruvchi Sh.D.ga to‘lab berilgan hamda undiruvchining roziligiga asosan ijro hujjati tamomlangan.

 

Qayd etilishicha, bu MIB tarixida oldindan to‘lab berilgan eng yirik alimentdir. Undan avvalgi rekord 5-avgustda qayd etilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//