Uzcosmos BMT bilan hamkorlikda mintaqadagi qurgʻoqchilikni monitoring qiladi

Saqlash
11:57 / 19.08.2025 321 0

Uzcosmos agentligi BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo uchun yerni masofadan zondlash texnologiyalariga asoslangan qurgʻoqchilikni monitoring qilish tizimini yaratish loyihasini ishlab chiqmoqda. Loyiha doirasida mintaqadagi qurgʻoqchilikni monitoring qilish tizimini yaratish ham koʻzda tutilgan. Bu haqda Oʻzbekkosmos agentligi xabar berdi.

 

Uzcosmos agentligi BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo uchun yerni masofadan zondlash texnologiyalariga asoslangan qurgʻoqchilikni monitoring qilish tizimini yaratish loyihasini ishlab chiqmoqda. Loyiha doirasida mintaqa davlatlariga qurgʻoqchilikni boshqarish tizimini takomillashtirish, sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari hamda texnik resurslardan oʻz vaqtida foydalanishni boʻyicha koʻmak beriladi. Xususan, har bir mamlakatning oʻziga xos sharoitini inobatga olgan holda qurgʻoqchilikni tezkor kuzatish tizimi va ekinlarni bulutli monitoring qilish platformasini yaratish reja qilingan.

 

2025-yilning may oyida qurgʻoqchilikni monitoring qilish milliy tizimi ishlab chiqishga start berildi va Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston hududlari kesimida amalga oshirilishi belgilandi. Qurgʻoqchilikka qarshi kurashishda kosmik monitoring asosiy instrumentlardan biri hisoblanadi. Jumladan, masofadan zondlash orqali sunʼiy yoʻldosh tasvirlari yordamida tuproq namligi, oʻsimlik qoplamasi, suv havzalari maydonidagi oʻzgarishlarni aniqlash mumkin. MODIS, Sentinel, Landsat kabi yoʻldoshlar yuqori aniqlikdagi tasvirlarni olishda qoʻl keladi. Qolaversa, NDVI (Normalized Difference Vegetation Index) kabi indekslar yordamida esa oʻsimliklarning sogʻlomligi va hosildorligini prognoz qilish mumkin boʻladi.

 

Agar qurgʻoqchilik masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmasa bu zanjirga aylangan holda juda koʻp muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, deyiladi xabarda. Bu ofat sabab mamlakat suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi oxir-oqibat esa hosil va oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan yuzlashadi. Uzcosmos agentligi va BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) hamkorligida ishlab chiqilayotgan Markaziy Osiyo uchun yerni masofadan zondlash texnologiyalariga asoslangan qurgʻoqchilikni monitoring qilish tizimi bu borada unikal loyiahalardan biri boʻlishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//