Prezident Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi

Saqlash
16:48 / 18.08.2025 42 0

Shavkat Mirziyoyev bugun, 18-avgust kuni Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi.

 

Ma’lumot uchun, shaharchaning qurilishiga 2022-yil 9-noyabrda tamal toshi qo‘yilgan edi.

 

Hozirda Olimpiya shaharchasida 5 ta asosiy sport majmuasi joylashgan.

 

 

Ulardan biri ko‘p funksiyali velodrom bo‘lib, bu yerda stol tennisi, qilichbozlik bo‘yicha musobaqa va mashg‘ulotlar o‘tkazish ham mumkin. Bunday darajadagi velodrom O‘zbekistonda birinchisi hisoblanadi.

 

 

Tashrif davomida mutasaddilarga hududlarda sharoit yaratib, velosportni rivojlantirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

 

Davlat rahbari, shuningdek, stol tennisi hammabop, arzon va qulay sport ekanini ta’kidlab, har bir maktab va mahallada uni ommalashtirish, anjomlarini ishlab chiqarish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

 

Olimpiya shaharchasi markazida 12 ming o‘rinli stadion ham joylashgan.

 

 

Xalqaro turnirlar paytida bu yerda tantanali marosimlar tashkil etiladi. Asosiysi, yashil maydon va 9 qatorli yugurish yo‘lagida yengil atletikaning 48 ta yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Jumladan, jahon chempionati, Brilliant ligasi, paraatletika bahslari, ko‘zi ojizlar o‘rtasida IBSA o‘yinlarini tashkil etish mumkin. Boshqa paytlarda stadiondan mahalliy o‘quv-yig‘inlar, amaliy mashg‘ulotlar orqali dual ta’limda foydalaniladi.

 

 

Stadiondagi to‘rt qavatli binoda terma jamoalar mutaxassislari va sport federatsiyalari faoliyat yuritadi.

 

Yurtimizda atletika va para sport turlariga qaratilgan imkoniyatlar to‘la ishga solinmayotganiga ham to‘xtalib o‘tildi.

 

Shu bois yengil atletikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berildi. Unga ko‘ra, viloyatlardagi stadionlar rekonstruksiya qilinib, yengil atletika uchun sharoitlar yaxshilanadi, xorijdan murabbiylar olib kelinadi, sportchilar mahoratini oshirish maqsad qilib qo‘yiladi.

 

Ulkan suv sporti saroyi ham zamonaviy va qulay. Unda 25x50 metrli suzish va 25x20 metrli suvga sakrash havzalari, mashg‘ulotlar uchun basseyn va trenajyor zallari bor. Barcha sharoitlar va o‘lchamlar xalqaro olimpiya standarti talablariga javob beradi.

 

 

Prezident suv sport turlarini rivojlantirish, xalqaro turnirlarda natijalarni yaxshilash bo‘yicha o‘z fikrlarini ham bildirib o‘tdi.

 

Bundan tashqari, jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari ham xalqaro talablar darajasida bunyod etilgan.

 

Shavkat Mirziyoyev shu yerda sportchilar bilan suhbatlashdi.

 

“Xalqaro musobaqalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutug‘ingiz xalqimiz uchun katta g‘urur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz”, - dedi Prezident.

 

 

Xabarga ko‘ra, Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar bo‘yicha 15 ta ochiq maydon ham barpo etilgan.

 

 

Shu bilan birga, 400 o‘rinli paralimpiya yotoqxonasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi qurilishi yakuniy bosqichda.

 

Ta’kidlanishicha, shaharchadagi barcha inshootlar energiya tejamkor bo‘ladi. Avtoturargohlar ustida quyosh panellari o‘rnatiladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//