Ayrim shaxslarning chet elga chiqishiga qo‘yiladigan taqiq kuchaytiriladi

Saqlash
11:27 / 16.08.2025 104 0

Jinoyat protsessida majburlov choralari instituti takomillashtiriladi. Qonun bilan sud tomonidan ayrim shaxslarning O‘zbekistondan chiqish huquqi vaqtincha cheklanishiga doir tartibni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

 

Unga ko‘ra, O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklash gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanmagan, biroq O‘zbekistondan chiqib ketib, suddan uzrli sabablarsiz bo‘yin tovlashi uchun asoslar mavjud bo‘lganda qo‘llanadi.

 

Prokuror, tergovchi, surishtiruvchi O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur majburlov chorasini qo‘llash asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.

 

Iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran 8 soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

 

Sudya iltimosnomani ko‘rib chiqib, O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklash yoki uni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Ajrim ustidan 48 soat ichida shikoyat berilishi yoxud protest bildirilishi mumkin. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//