Sherzodxon Qudratxoʻjani millatchilikda ayblab, haqorat qilgan bloger jarimaga tortildi

Saqlash
14:39 / 13.08.2025 163 0

12-avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudi yurist va bloger Aziz Hakimovni Sherzodxon Qudratxoʻja toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumot tarqatgani va haqoratlagani uchun 18,75 million soʻm miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining rektori Sherzodxon Qudratxoʻja feysbuk sahifasida yozib qoldirgan.

 

Unga koʻra, Qudratxoʻja Kirill Altmanga bergan intervyusida Rossiyaning Smolin, Prilepin, Zaxarov va yana boshqa siyosatchilariga (muallif uni marginallar deb atagan) bergan achchiq javoblari va bahosidan keyin “Tovarish Aziz”  nomi ostida faoliyat yuritadigan Aziz Adhamovich Hakimov uni haqorat qilgan va obroʻsizlantiradigan videorolik hamda matnli xabarlarni davomiy chiqara boshlagan.

 

Sherzodxon Qudratxoʻja soʻz erkinligi, hurfikrlik, bahs va polemika deya uning chiqishlariga bir necha bor reaksiya bildirmagan. Biroq bloger toʻxtamagan, etika va odob chegarasidan oʻtib, Qudratxoʻjani natsist deb atagan. Sud zaliga oʻz tarafdorlari bilan kelib, Qudratxoʻjaning javob va gaplarini mazax qilib, kulgan:

 

“Natsionalist dedi, bosmachilar va boylarning oʻlmay qolgan (nedobitiy) avlodi dedi, ismimni kamsitib yozdi, familiyamdan yev ni olib tashlaganim nima emish yoqmaganmish, shu sabab bobolarim ismini ham buzib tahqirlab eta boshladi. Hoʻp chidadim, koʻ-oʻp chidadim! Ammo qarasam yaramas tinmayapti, yigitlarimizni oʻzga davlatda jang qilishini madh qilyapti, tuz nonimizni yeb turib bizni yurtimizni, vatandoshlarimizni ochiqdan ochiq yerga ura boshladi. Mayli, meni gapirsin, gunohlarim toʻkilsa zora, soʻksin, ursin hatto, ammo lekin yangi avlodni xorlamasin, endi mustaqil boʻlib hurriyat sari, chin erkinlik sari ketayotganimizda bizga ortiq hech kim xalaqit bermasin! 160-yil ilgari Turon zamin boshiga tushgani hech qachon qaytmasin boshqa”  – deya shu kunlarda ilk bor “Otamdan qolgan dalalar” filmini undagi obraz – Dehqonqulni yaratgan tuzumni soʻkib, yigʻlab koʻrgani haqidada yozadi.

 

U shuningdek, soʻz, fikr erkinligi boʻlishi kerakligini, biroq hech kim boshqa odamni tahqirlashi, tuhmat qilishi yo haqorat qilishi mumkin emasligini taʼkidlaydi. Bundan tashqari, mustaqillikni mustahkamlash tepadan kelgan birortasining emas, barchamizning masʼuliyatimiz ekanini eslatib, tashqi tahdidlar xavfi haqida qayd etgan:

 

“Biz huquqlarimizni yaxshi bilyapmiz ammo YURT fuqarosi sifatidagi majburiyatlarimiznichi, biz Davlatdan koʻp narsa talab qilamiz, ammo unga nima beryapmiz? Fuqarolik jamiyatini qurish, istiqlolni mustahkamlash bu barchamizning burchimizdir, buni bizga tepadan kelib kimdir qurib berishi notoʻgʻridir... Esingizda oʻtgan asr boshida Qodiriy bobomiz “Oʻtkan kunlar” romanida bizni ogohlantirgandi? Yuzlab, minglab jadidlarimiz, oydinlarimiz qatagʻon boʻldi, qabrlarini haligachatopolmay sarsonmiz. Oʻshanda ham odamlarimiz bugʻdoy narxi, arpa narxi deb yurishgan. Shimoldan kelayotgan tahdid naqadar xavfli ekanini payqashmagan” .

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//