Fermerlarga hosilni talafotsiz yig‘ib olish uchun subsidiya ajratiladi

Saqlash
14:33 / 13.08.2025 46 0

Endi paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi. Bu haqda 13-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xabar qilindi.

 

Qayd etilishicha, prezident topshirig‘iga asosan to‘qimachilikda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning fikrlari o‘rganildi.

 

“Ularni qiynayotgan masalalar bilan to‘liq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan to‘qimachilikda „dolzarb yuz kunlik“ e’lon qilamiz”, — dedi davlatimiz rahbari.

 

Avvalo, ahvoli yomonlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va tannarxni kamaytirish choralari belgilab olindi.

 

Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qo‘yish sharti bilan 5 yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Endilikda garov qo‘ygan klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydi.

 

Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz to‘liq qoplanganidan keyin undiriladi. Bu orqali klasterlarda yiliga 800 milliard so‘m aylanma mablag‘ qoladi. Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lasa, foizning Jamg‘armaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi.

 

Klasterlarga 2022−2023-yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 1-avgust holatiga yuzaga kelgan 377 milliard so‘mlik penyadan voz kechiladi.

 

Tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar majburiyati bor bo‘lgan 144 ta korxonani sog‘lomlashtirish choralari ishlab chiqiladi. Faoliyatini barqarorlashtirish mumkin bo‘lgan korxonalarning kredit muddati 7 yilgacha uzaytirib beriladi.

 

Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.

 

To‘qimachilik zanjiridagi barcha korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilanadi. Bunda, ijtimoiy reyestr bo‘yicha talab bekor qilinadi, realizatsiyada to‘qimachilik ulushiga talab esa 90 foizdan 70 foizga tushiriladi.

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tola, ip kalava va mato ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun ham bu soliqni yengillashtirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//