“Tarixning nomaʼlum sahifalari” kitobining 12-jildi taqdimoti o‘tkazildi

Saqlash
16:25 / 12.08.2025 69 0

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan nashr etilgan “Tarixning nomaʼlum sahifalari” kitobining 12-jildi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Nashr bir qancha boʻlimlarni oʻzida jamlagan yaxlit ilmiy asar boʻlib, unda Oʻzbekistonning XІX-XX asr siyosiy tarixi haqidagi ilmiy maqolalar, qatagʻon qurbonlari, hamda zamondoshlarining qimmatli xotiralari, ilgari tadqiqotchilar uchun yopiq boʻlgan arxiv fondlari hujjatlari bilan tanishish mumkin. Shuningdek, bir qancha qatagʻon qurbonlarining hayoti, faoliyati hamda fojiali taqdiriga oid maʼlumotlar ilk bor ilmiy muomalaga kiritilgan va keng jamoatchilikka taqdim qilingan.

 

 

12-kitobdagi ilmiy maqolalar asosan Turkistondagi jadidchilik harakati tarixi, uning taniqli namoyondalari, qardosh qozoq millatiga mansub taraqqiyparvarlarning ibratli hayoti va fojeali taqdiriga oid yangi maʼlumotlar asosida yozilgan. Toʻplamdagi yana bir yangilik – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi arxividan olingan hujjatlar asosida tayyorlangan “Oʻzbekiston davlat rahbari Akmal Ikromovga maktublar” ruknidir. Unda Germaniyada tahsil olgan Abduvahhob Murodiy, Solih Muhammadlardan tortib, Choʻlpon, Gʻulom Zafariy, Botu kabi koʻplab mashhur insonlarning maktublari ilk bor nashr yuzini koʻrmoqda.

 

 

Taqdimotda Oʻzbekiston hamda qozogʻistonlik tarixshunos olimlar, mualliflar, qatagʻon qurbonlarining avlodlari, Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi xodimlari, yosh tadqiqotchilar, harbiylar hamda talaba yoshlar ishtirok etishdi. Kitob Oʻzbekiston tarixining mustamlakachilik davri bilan shugʻullanuvchi tarixchi, adabiyotshunos, faylasuf va yurist olimlar, shuningdek, oliy oʻquv yurtlari tarix va filologiya fakultetlari talabalariga moʻljallangan.

 

Maʼlumot uchun, toʻplam Konrad Adenauer nomidagi fondning (Germaniya) Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan. “Tarixning nomaʼlum sahifalari” kitobi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi tomonidan 2009-yildan buyon har yili chiqarilib kelinmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//