
Siyosat
Oʻzbekistonning Fijidagi elchisi (qarorgohi Tokio shahrida joylashgan) etib tayinlangan Muhsinxoʻja Abdurahmonov ushbu mamlakat Prezidenti Ratu Naykama Tavakekolati Lalabalavuga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Oʻzbekiston va Fiji oʻrtasida diplomatik munosabatlar 2010-yil 16-iyun kuni oʻrnatilgan.
Marosim avvalida faxriy qorovul saf tortib, Oʻzbekiston davlat madhiyasi yangradi hamda mamlakatimiz bayrogʻi koʻtarildi. Rasmiy tadbirlardan soʻng boʻlib oʻtgan suhbat davomida Oʻzbekiston va Fiji oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm kabi yoʻnalishlardagi aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Prezident Naykama Lalabalavu ikki mamlakat geografik jihatdan uzoqda joylashgan boʻlsada, ularni oʻzaro hurmat, konstruktiv muloqot va umumiy qadriyatlarga asoslangan doʻstona aloqalar bogʻlab turishini taʼkidladi.
Fiji yetakchisi, shuningdek, Oʻzbekiston muhim strategik mintaqada joylashgani, boy tabiiy resurslari hamda yuqori salohiyatli inson kapitali mavjudligini eʼtirof etish barobarida, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan mintaqada tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan konstruktiv va proaktiv tashqi siyosatni yuksak baholadi.
Shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik aloqalar tarixida ilk marotaba Oʻzbekistonning Fijidagi elchisining tayinlanishi Fiji tomoni uchun ham muhim tarixiy voqeaga aylangani qayd etildi. Shu munosabat bilan Fiji bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishga eʼtibor qaratgani uchun Oʻzbekiston Prezidentiga alohida minnatdorlik bildirildi.
Muxsinxoʻja Abdurahmonov 2021-yil 27-sentyabrdan buyon Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Iqtisod
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q