
Iqtisod
11-avgust kuni Prezidentga yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdim qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda yashirin iqtisodiyotga sabab boʻlayotgan omillar va ularni bartaraf etish choralari boʻyicha axborot berilib, bugunga qadar soliq yukini kamaytirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha qilingan ishlar, xususan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaygani, 100 dan ortiq turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor boʻlgani qayd etildi.
Natijada, kuzatilmayotgan iqtisodiyot ulushi 2019-yildagi 45-50 foizdan hozirda 35 foizga tushgan.
Bunda eng samarali yoʻl ilgʻor texnologiyalar asosida yangicha yondashuvlarni joriy qilish ekani taʼkidlandi. Masalan, Toshkent shahrida jamoat transporti toʻliq avtomatlashgan toʻlovga oʻtkazilgani natijasida, aslida, yoʻlovchilar soni 30 foizga koʻp ekani koʻringan. Yoki raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2-3 karra oshayapti.
Shunday tizimni qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar kabi yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori boʻlgan sohalarda ham joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta koʻrib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni toʻliq raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi. Tadbirkorlar koʻp duch keladigan soliq, bank, bojxona, kommunal, sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yoʻl ochayotgan omillarga chek qoʻyish zarurligi aytildi.
Elektron toʻlovlar rivojlangani odamlarga keng qulaylik yaratmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda ham maqbul vosita. Buning uchun naqdsiz hisob-kitoblarni ragʻbatlantirish, toʻlov tashkilotlarini koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev faqat nazoratni kuchaytirish bilan yashirin iqtisodiyotni jilovlab boʻlmasligini, aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirib, toʻgʻri ishlaganlarni ragʻbatlantirish yoʻlidan borish kerakligini taʼkidladi.
Har bir soha boʻyicha alohida yondashuv qilib, tadbirkorlarga ochiq va qonuniy ishlashni manfaatli qilish vazifasi qoʻyildi. Shundan kelib chiqib, soliq maʼmurchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qoʻshimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Oʻz navbatida, soliq madaniyati butun jamiyat ishiga aylanishi zarur. Xalqimiz hamisha qadrlagan halollik fazilati pirovard natijada barcha sohalarda fayzu baraka va farovonlik olib keladi. Bu gʻoyalarni aholi orasida targʻib qilib, keng qaror topdirish muhimligi qayd etildi.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Iqtisod
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q