1-noyabrdan hujjatlarni masofadan elektron kalitsiz imzolash mumkin boʻladi

Saqlash
09:20 / 12.08.2025 29 0

11-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda sohaga oid bir qator qulayliklar va yangi imkoniyatlar haqida soʻz bordi. Xususan:

 

- Shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirib, naqdsiz toʻlovlar uchun qulayliklarni kengaytiriladi;

- Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun 2030-yil 31-dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etiladi;

- Ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha boʻlgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratiladi. Jumladan, faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlari ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va toʻlash, hisob-kitoblar qilish va fiskal cheklarni shakllantirish ushbu raqamli platformalar orqali yuritiladi.

 

Bu tizimda elektron hamyon ochilishi tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqlarini ochish ixtiyoriy boʻladi.

 

- 2025-yil 1-noyabrdan boshlab, bu jarayonlarda “QR-kod” va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolash mumkin boʻladi. Bu maʼlumotlar qogʻoz nusxadagi hujjatlar bilan tenglashtiriladi. “Kunlik toʻlov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga toʻlovlarni elektron hamyon orqali toʻlash imkoniyati yaratiladi.

 

2026-yil 1-yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.

 

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarda elektron toʻlovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud boʻlishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanadi. Raqamli platformadagi pul aylanmalari toʻgʻrisidagi maʼlumot kredit ajratishda inobatga olinadi.

 

Prezident yuqoridagi takliflarni maʼqullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//