
Jamiyat
Oliy Majlis Senati Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Kadirxanova tomonidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi Abdurashid Juraboyevga senator so‘rovi yuborildi.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘rovda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun infratuzilmaviy sharoitlarni yaxshilash, xususan, radiotarmoq obyektlarida xavfsiz va qulay mehnat muhitini ta’minlash masalalari ko‘tarilgan.
Jumladan, Toshkent shahrida olib borilgan o‘rganishlar natijasida radio sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarning moddiy-texnik holatini yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi, shu bilan bir qatorda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga qarashli Toshkent radio eshittirish uyi binosida uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, mazkur bino 1966-yilda qurilgan bo‘lib, 5 qavatdan iborat. Unda “O‘zbekiston”, “O‘zbekiston 24”, “Yoshlar” radiosi, “Mahalla” teleradiokanali, “O‘zbektelefilm” DUK, “Maqom” ansambli faoliyat yuritmoqda. Binodagi yagona lift 1982-yilda ishga tushirilgan va 41 yil mobaynida foydalanilib kelingan. Ammo 2023-yildan beri undan texnik talablarga javob bermagani uchun foydalanilmaydi.
Bugungi kunda liftning ishlamasligi natijasida binoda faoliyat yuritayotgan 600 ga yaqin xodim, 2 mingdan ziyod radioeshittirish va ko‘rsatuvlarda ishtirok etuvchilar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksa yoshdagi xodimlar jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Shuningdek, binoning yuqori qavatlariga chiqish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga zarur bo‘lgan qulayliklar – panduslar, maxsus to‘siqlar va nogironlar aravachasi uchun ko‘targich uskunalar mavjud emas. Bu esa mehnat unumdorligi va mehmonlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, so‘rovnomada Toshkent radioeshittirish uyi mutasaddilarining takroriy murojaatlariga qaramay, liftni yangilash yoki muqobil infratuzilmani joriy etish yuzasidan amaliyotda tegishli choralar ko‘rilmagani haqida ham so‘z borgan.
Senator so‘rovida ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida lift tizimini zamonaviy talablar va xavfsizlik me’yorlariga mos holda yangilash, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida asoslangan ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q