Allplay platformasi ustun mavqega ega deb topildi

Saqlash
15:08 / 07.08.2025 107 0

 

Raqobatni rivojlantirish va isteʻmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi “Allmedia Safe Service” MCHJni (Allplay brendiga egalik qiladi) onlayn translyatsiya va video kontent (shu jumladan, televideniye va kino), shuningdek, audio kontent almashinuvi bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida tan oldi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

 

Shu munosabat bilan qoʻmita kompaniya faoliyatida majburiy monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etadi. Shuningdek, monopoliyaga qarshi qonun hujjatlariga muvofiq ustun mavqeni suiisteʻmol qilishning oldini olish uchun doimiy monitoring nazarda tutilgan.

 

2024-yil 1-avgustdan kuchga kirgan Raqamli platforma operatorining ustun mavqeyi va ustun muzokara kuchini tan olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, operator quyidagi shartlardan biri bajarilganda hamda toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita tarmoq taʻsiri mavjud boʻlganda ustun mavqeyi va ustun muzokara kuchini tan oladi:

 

– agar oxirgi kalendar yildagi tushum summasi bazaviy hisoblash miqdorining 100 ming baravaridan (41,2 mlrd soʻm) ortiqni tashkil etsa;

 

– agar raqamli platformaning faol yakuniy foydalanuvchilarining umumiy oʻrtacha soni oyiga kamida 50 ming nafarni tashkil etsa yoki faol biznes foydalanuvchilarining oʻrtacha soni oyiga kamida 3000 nafarni tashkil etsa.

 

Bundan tashqari, ushbu maqom foydalanuvchilar sonidan qatʻi nazar, maʻlum bir bozorda 40 foizdan ortiq ulushga ega boʻlgan platformalarga beriladi. Maqom qoʻmita tomonidan har uch yilda qayta koʻrib chiqiladi. Kompaniyalar roʻyxati qoʻmita veb-saytida eʻlon qilinadi.

 

Bunday maqomga ega boʻlgan raqamli platformalar narxlar yoki platformadan foydalanish shartlari oʻzgarganda bu haqda kamida 15 kun oldin OAV va oʻz veb-saytlarida xabar berishlari shart.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//