
Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMTning dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha konferensiyasi doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.
Unda global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining boʻlajak 80-yubiley sessiyasini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi. Prezident Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qatʼiy qoʻllab-quvvatladi.
Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning oʻtgan yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda 160 ta qoʻshma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Soʻnggi bir necha yilda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
2025-yilda Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda “BMT-Ayollar” tuzilmasining vakolatxonasi ochildi. Davlat xizmati masalalari boʻyicha forum birgalikda oʻtkazildi. Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Oʻzbekiston Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi boʻyicha eng ilgʻor beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish nuqtayi nazaridan BMT bilan hamkorlik boʻyicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.
Uchrashuvda shuningdek, Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afgʻonistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma dastur va loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q