Mintaqa davlatlari rahbarlarining Toshkentdagi Maslahat uchrashuvida qanday masalalar diqqat markazida boʻladi?

Saqlash
12:20 / 05.08.2025 110 0

Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Unda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi - Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar aʼzolari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

 

Tadbirda Toshkent shahrida boʻlishi kutilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.

 

Prezident Oʻzbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida, xususan, yil boshida Raislik konsepsiyasi va Qoʻshma tadbirlar rejasi qabul qilingani haqida maʼlumot berdi.

 

Tadbir doirasida shuningdek, xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xoʻjaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari, media va yoshlar forumlari oʻtkazildi.

 

Yil yakuniga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining uchrashuvlari, madaniy-gumanitar tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

 

Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.

 

Toshkent sammiti doirasida Oʻzbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni koʻpaytirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekani taʼkidlandi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni kengaytirish hamda iqlim oʻzgarishi boʻyicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida boʻladi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti soʻzining yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//