Yuqori harorat inson miyasi uchun xavfli – tadqiqot

Saqlash
18:00 / 04.08.2025 158 0

Iqlim o‘zgarishi tufayli harorat yil sayin oshib borar ekan, olimlar yuqori haroratning inson miyasiga ta’sirini jiddiy o‘rganmoqda.

 

Buyuk Britaniyadagi nevrolog Sanjay Sisodiya boshchiligidagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, haddan tashqari issiqlik epilepsiya, insult, skleroz, migren, autizm va ruhiy tushkunlik kabi turli nevrologik kasalliklarni kuchaytiradi.

 

Masalan, Dravet sindromi bilan yashayotgan bolalar harorat ko‘tarilishi bilan og‘ir tutqanoqlarni boshdan kechirmoqda.

 

Ma’lumot uchun, Dravet sindromi – bu kam uchraydigan, og‘ir shakldagi epilepsiya bo‘lib, odatda bolalikning birinchi yilida (6 oy atrofida) boshlanadi. Bunda bolaning miyasida asab impulslarini boshqarish buziladi va bu holat tutqanoqlarga sabab bo‘ladi.

 

Olimlarning aytishicha, 2003-yilda Yevropada va 2022-yilda Britaniyada miyaga bevosita aloqador kasalliklar sababli vafot etganlar soni sezilarli darajada oshgan.

 

Asosiy sabab — iqlimning keskin o‘zgarishi va o‘ta kuchli issiqlik to‘lqinlaridir, ularga tanamiz shunchaki moslashishga ulgurmayapti.

 

Bundan tashqari, tadqiqot davomida issiqlik odamlarni ko‘proq asabiylashtirishi, agressiyaga moyil qilishi va depressiyaga olib kelishi mumkinligi aniqlangan.

 

Miya 26° C dan yuqori haroratlarda favqulodda holatga o‘tadi: fikrlash sekinlashadi, axborotni qayta ishlash tezligi pasayadi, xotira yomonlashadi — va bu muammolarning faqat bir qismidir.

 

Uyqu bilan ham vaziyat yaxshi emas. Issiqda yomon uyqu endi odatiy holdir: miya termoregulyatsiyaga dosh bera olmaydi, shuning uchun tana chuqur uyqu fazasiga o‘ta olmaydi. Bu esa stress va asabiylikni keltirib chiqaradi.

 

Mutaxassislar issiq ob-havo sharoitida sog‘liqni saqlash tizimi oldida yechilishi kerak bo‘lgan yangi muammolar paydo bo‘layotganini ta’kidlamoqda.

 

Mutasaddilar ko‘chada iloji boricha soyada yurishni, konditsionerni ishlatishni va tanadagi suv balansini nazorat qilishni maslahat bermoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//