
Jamiyat
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Navoiyda 20 dan ortiq korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi rahbariyati hamda Bosh prokuraturadan iborat ishchi guruh Ekologiya vazirining topshirig‘iga binoan Navoiy shahrida ikki yo‘nalishda o‘rganish ishlarini olib bormoqda:
– birinchisi — shaharda qayd etilgan oq tuman (yoki oq tutun) manbayini aniqlash;
– ikkinchisi — sanoat chiqindilari bilan bog‘liq umumiy ekologik vaziyatni yaxshilash.
Barcha chora-tadbirlar qat’iy nazorat ostida amalga oshirilmoqda, qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda mas’ul shaxslarga nisbatan qattiq choralar ko‘riladi.
Birinchi holatda, 19-iyul kuni Navoiy shahrida atmosfera havosining oq tutun bilan ifloslanishi bo‘yicha laboratoriya tahlillari va boshqa ma’lumotlar to‘plandi. Navoiy shahri hududi bo‘ylab 11 ta nuqtadan ko‘chma laboratoriya orqali havoning ifloslanish darajasi tahlil qilinganda oltingugurt ikki oksidi belgilangan me’yordan 1,86 baravar, ammiak esa 1,43 baravar yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.
Shu kuni soat 05:30 da (sobiq “Elektrokimyo” zavodi hududida) “Sogda kimyo zavod” MChJ, “Ferrosplav” MChJ va “Zarafshon industrial technology” MChJ zavodlariga tutash hududda qisqa vaqtning o‘zida konsentrlangan tashlanma shakllantirilgan videotasmasi dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Ushbu korxonalarni tekshirish davomida:
– “Sogda kimyo zavod” MChJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotgani, o‘z hududida betartib chiqindixona yaratgani hamda qurishi jarayonida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarni hududidan tashqarida joylashtirganligi, zararli moddalar ochiq hovuzda saqlanayotgani, zararli moddalarni eritish jarayonida hosil bo‘lgan kislotali suvlar ochiq relyefga tashlangani, atmosfera havosiga nazoratsiz tashlanmalar chiqarayotgani aniqlanib, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun jami 7 mlrd 382 mln so‘m to‘lov belgilandi;
– “Ferrosplav” MChJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olmasdan faoliyat yuritayotganligi, xomashyoni eritishdan hosil bo‘layotgan ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga chiqarilayotgani va sanoat chiqindilari betartib to‘planayotgani aniqlandi;
– “Zarafshon industrial technology” MChJ esa davlat ekologik ekspertizasi xulosasida belgilangan talablarni bajarmagani, ruxsat etilgan me’yordan vodorod sulfid 25 baravar, azot oksidi 12 baravar, ammiak 7 baravar, oltingurut qo‘sh oksidi 2,6 baravar, vodorod sulfid 40 baravar yuqori ekanligi va oltingugurt saqlash omborxonasida zararli moddalarni saqlash talablariga roiya etilmagani aniqlandi.
Mazkur sanoat korxonalari atrof-muhitni ekologik normativdan ortiq darajada ifloslantirgani va belgilangan qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgani sababli Ekologiya vazirligi tomonidan ularning faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Bu korxonalarga ekologik tadbirlarni amalga oshirish uchun 10 kun muddat berildi. Ushbu muddat ichida korxonalar o‘z faoliyatini ekologik talablarga moslagan holda yo‘lga qo‘ymasa, sudga tegishli ravishda ularning faoliyatini tugatish bo‘yicha da’vo arizalari kiritiladi.
Ikkinchi holatda, Navoiy shahrida umumiy ekologik vaziyatni o‘rganish va yaxshilash bo‘yicha 3 ta guruh shakllantirilib, shahar va unga tutash hududlardagi 168 ta sanoat korxonasi faoliyati o‘rganilmoqda. Bugunga qadar 42 ta korxona o‘rganilib, ekologiya sohasidagi qonun talablariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan jarima choralarini qo‘llash uchun sud organlariga materiallar tayyorlandi.
Shu bilan bir qatorda o‘rganish davomida quyidagi 22 korxona faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagani, atmosfera, yer va suv muhofazasi bilan bog‘liq talablar qo‘pol ravishda buzilgani, betartib chiqindixonalar yaratilgani sababli ularning faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi:
– “Qurilish mahsulotlari” (g‘isht zavodi),
– “Navoiy global trans servis” (granit),
– “Ittifoq” (g‘isht zavodi),
– “Qizilqum temir beton” (plita), “Qizilqum shifer” (shifer),
– “Stroykom-77” (buyoq pegmenti),
– “Karmana kvars” (ohak zavodi),
– “Navoiy util med” (tibbiyot chiqindilarni yoqish),
– “Navoiy asir invest” (kimyoviy moddalar saqlash ombori),
– “Barno” (qurilish chiqindi poligoni),
– “Navoiy sheben xom-ashyo” (ohak va tosh maydalash sexi),
– “Navoiy sheben xom-ashyo” (ohak zavod),
– “Navoiy asir invest savdo” (sirka kislotasi omborxona),
– “Montaj servis malikrabot” (metalga ishlov berish),
– “Karmanasut” (sut qayta ishlash),
– “Alibobo-2020” (temir eritish),
– “Fosxim agro” (fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish),
– “Jahon biznes baraka servis” (ohak sexi),
– “Rubin-karmana” (asfalt zavod),
– “Sogda kimyo zavod” (kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish),
– “Ferrosplav” (metall eritish) MChJlar,
– “Parda bobo ustaxonasi” (beton blok)
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q