Endi Koreyada aholini roʻyxatga olish anketa savollari oʻzbek tilida ham taqdim etiladi

Saqlash
14:36 / 31.07.2025 201 0

 

Janubiy Koreyada har besh yilda bir marta oʻtkaziladigan aholini roʻyxatga olish 2025-yilning oktyabr-noyabr oylarida amalga oshiriladi.

 

The Korea Times nashrining yozishicha, soʻrov butun Janubiy Koreya boʻylab 5 million xonadon, jumladan, mamlakat aholisining 5 foizdan ortigʻini tashkil etuvchi chet el fuqarolarini qamrab oladi. Anketa 20 ta xorijiy tilda, jumladan, oʻzbek tilida ham taqdim etiladi.

 

Mavjud ingliz, xitoy, yapon, indonez, kxmer, moʻgʻul, nepal, rus, tay va vetnam tillariga yana 10 ta – bengal, birma, qozoq, qirgʻiz, laos, malay, singal, ukrain, urdu va oʻzbek tillari qoʻshildi.

 

Mazkur gazeta maʻlumotiga koʻra, bugungi kunda Janubiy Koreyadagi oʻzbek diasporasi 98 458 kishini tashkil qiladi.

 

Taʻkidlanishicha, onlayn muloqot ommabopligi tufayli turli raqamli qurilmalar uchun soʻrovnoma ishlab chiqiladi va soʻrovda ishtirok etish uchun shaxsiy tashriflar qisqartiriladi.

 

2025-yilgi aholini roʻyxatga olish mamlakatda birinchi aholini roʻyxatga olishning 100-yilligiga toʻgʻri keladi va Janubiy Koreya tarixidagi eng yirik aholini roʻyxatga olish boʻladi, deyilgan manbada.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//