Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan xalqaro konferensiya tashkil etildi

Saqlash
20:07 / 30.07.2025 47 0

Ayni kunlarda O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va do‘stlikni tarannum etuvchi an’anaviy “Do‘stlik” festivallari bo‘lib o‘tmoqda.

 

Bugun, 30-iyul kuni ham “Umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asosi” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

 

Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Rossiya, AQSH kabi davlatlardan kelgan olimlar, ekspertlar hamda xorijiy hamkor tashkilot vakillari ishtirok etdi.

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ruslan Davletov o‘qib eshittirdi.

 

Konferensiya ishida umummilliy birdamlik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni kuchaytirish masalalari asosiy muhokama markazida bo‘ldi.

 

 

Ma’lumot uchun, 2021-yil 10-fevralda qabul qilingan davlat qonuni bilan 30-iyul O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” etib belgilangan.

 

Bugungi kunda jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, umummilliy hamjihatlik va do‘stlik muhitini mustahkamlash O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

 

 

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv istiqomat qilib kelmoqda. Turli millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish maqsadida 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda.

 

Milliy madaniy markazlar faoliyatini rivojlantirish uchun hududlarda “Do‘stlik uylari” tashkil etilgan bo‘lib, har yili Parlament fondi ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.

 

 

Maktablarda ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Milliy tele- va radiokanallar 12 tilda efir uzatayotgan bo‘lsa, gazeta va jurnallar 14 ta tilda chop etilmoqda.

 

 

Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda birgina davlat fuqarolik xizmatida 5 mingga yaqin 35 ta millat vakillari mehnat qiladi.

 

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12,7 foiz, mahalliy Kengashlarda 11,2 foiz deputat turli millat va elat vakili hisoblanadi.

 

Konferensiya davomida “Yangi O‘zbekiston tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori” nomli kitob-albomi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

 

 

 

Tadbir yakunida bir qator fidoiylar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//