Raqam: huquq-tartibot idoralarida 100 mingdan ziyod xodim korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlamoqda

Saqlash
02:51 / 30.07.2025 42 0

29-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda maishiy korrupsiyaga qarshi kurashishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Bu judayam dolzarb, ko‘pchilik aholiga daxldor masala. Chunki korrupsiyaviy holatlarning 75 foizi shahar va tumanlarda maishiy shaklda bo‘lmoqda.

 

Bugungi kunda prokuratura tizimidagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ilmiy-tadqiqot markazida 200 dan ortiq mutaxassis tahlil bilan shug‘ullanyapti. Huquq-tartibot idoralarida 100 mingdan ziyod xodim korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlayapti.

 

“Lekin ko‘p hollarda bu illatning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayapti. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan preventiv choralar hali yetarli emas. Har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida byurokratiya, “korrupsiyaviy tuynuklar” to‘liq yo‘qolgani yo‘q”, deb ta’kidlanadi manbada.

 

Taqdimotda shu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilingan.

 

Hozirda mamlakatda 43 ta nazorat idorasi bor. Hamma vazirliklarda komplayens nazorat bo‘limlari tashkil etilgan. Avvalo, ularning samaradorligini oshirish vazifasi qo‘yildi. Vazirlik va idoralar huzuridagi inspeksiyalarning bu boradagi faoliyatiga ham tanqidiy munosabat bildirildi.

 

Prezident korrupsiyaning faqat kamaygani emas, qanchasining oldi olinganiga qarab, davlat idoralari faoliyatini baholash kerakligini ta’kidladi.

 

Qayd etilishicha, yer ajratish bo‘yicha shaffof tizim joriy qilingan. Lekin, joylarda bu borada noqonuniy xatti-harakatlar haligacha uchrab turibdi. Shu bois kadastr, “O‘zbekkosmos”, qurilish va boshqa tegishli tashkilotlar ma’lumotlarini tahlil qilib, bunday holatlarga butunlay chek qo‘yish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish va barcha sohalar ustidan “raqamli nazorat” o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida parlamentning mas’ul qo‘mitalariga mahallagacha tushib, korrupsion holatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, davlat xaridlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarni kamaytirish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirish kabi dolzarb masalalarda tavsiyalar berilgan edi.

 

Taqdimotda bunga mas’ullar bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//