Samarqand shahrining yoshi 3000 yil deb qayta baholanadi

Saqlash
10:33 / 28.07.2025 56 0

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 27-iyul kuni o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida bu haqda qaror qabul qilindi.

 

Xabarga ko‘ra, Samarqand shahrining yoshiga aniqlik kiritishga mas’ul guruh Afrosiyob va Ko‘ktepa yodgorliklarida, hozirgi Ko‘ksaroy maydoni o‘rnida bo‘lgan Amir Temur arkida fanlararo tadqiqot usullarini qo‘llash orqali kompleks qazuv ishlarini amalga oshirgan.

 

Ta’kidlanishicha, Samarqandning qadimiy o‘rni va yoshini o‘rganish 150 yildan ortiq vaqtdan buyon davom etib kelmoqda. Shahar dastlab bundan 1500 yil oldin, keyinchalik 2000 ming yil, 1970-yilda 2500 yil oldin shakllanganligi borasida xulosalarga kelingan. 2000-yillarda esa O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi yangi ma’lumotlarni aniqlagan va Samarqandning yoshi 2750 yil deb tasdiqlagan.

 

Ammo bu ham yakuniy xulosa bo‘lmagan va shuning uchun shaharning xronologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar keyingi yillarda ham davom etib kelmoqda.

 

"Xususan, joriy yildagi qazishma ma’lumotlari Samarqand shahridan 25 kilometr uzoqlikdagi Ko‘ktepa yodgorligida 1993–2006-yillarda olib borilgan qazishma ishlarining tahlili asosida mutaxassislar tomonidan yangi qarashlar shakllanishiga turtki berdi",dedi sessiyada so‘zga chiqqan Samarqand Arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov.

 

O‘zbekiston–Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi a’zolari M.Isomiddinov, Klod Rapen hamda M. Hasanov tomonidan shu vaqtga qadar Ko‘ktepa va Afrosiyobda topilgan materiallarni qayta tahlil qilish orqali Samarqand shahrining shakllanish davri 3000 yilga teng ekanligi borasida fikr ilgari surilmoqda.

 

Qayd etilishicha, miloddan avvalgi ming yillik boshlarida, ya’ni bundan 3000 ming yil oldin bu yerda shahar hokimi qarorgohi va ibodatxonani o‘z ichiga olgan yirik shahar shakllangan. Bu holat “Avesto”da tilga olingan “Gava Sug‘uda” va “Sug‘ud” tushunchalari bilan uyg‘unlashadi. Unda “Gava Sug‘uda” dehqonchilik hududini, “Sug‘ud” esa ma’muriy markazni anglatgan. Ushbu markaz aynan Ko‘ktepa bo‘lganligi ta’kidlanadi.

 

Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib Sug‘dning markazi hozirgi Afrosiyob tepaligi o‘rniga ko‘chadi.

 

Shu yilning mart oyida Afrosiyob yodgorligining bir necha nuqtasida jumladan, ark va shahriston qismida, ya’ni mudofaa devori yaqinida keng ko‘lamdagi qazuv ishlari olib borilgan.

 

Qazishmalar davomida qadimiy mudofaa devori tabiiy less qatlam ustida guvalaksimon shakldagi xom g‘ishtlardan qurilgani aniqlangan.

 

Tadqiqotlar natijasida ushbu devorning g‘arbiy tomonga qarab 22 metrgacha davom etuvchi yangi qismi ma’lum bo‘lgan. Bu esa arkning miloddan avvalgi VII-VI asrlardagi me’moriy rejasiga aniqliklar kiritish imkonini bergan. Shuningdek, Ark hududidan miloddan avvalgi VII-VI asrlardan tortib XII asrgacha bo‘lgan davrlarga oid topilmalar chiqqan.

 

Devor asosidan pastda joylashgan qatlamlardan esa sopol parchalari, hayvon suyaklari va organik moddalarni o‘z ichiga olgan arxeologik materiallar aniqlangan.

 

7 metrdan ziyod chuqurlikda miloddan avvalgi VII-IV asrlarga mansub murakkab mudofaa tizimi ochib o‘rganilgan. Ikkita qazishmada aniqlangan arxeobotanik va arxeozoologik topilmalar tahlil uchun Fransiya, Germaniya va Yaponiya laboratoriyalariga jo‘natilgan.

 

Shu paytgacha to‘plangan ilmiy ma’lumotlar tegishli idoralar, jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniy meros agentligi qoshidagi ilmiy kengashga jo‘natilib, ularning ijobiy xulosalari olingan.

 

Sessiyada Samarqand shahrining ilk urbanizatsiyasi miloddan avvalgi II minginchi yillik oxiri va I minginchi yillik boshlariga taalluqli ekanligi haqidagi taqdimot materiallarini ma’lumot uchun olish, Afrosiyob va Ko‘ktepa hududlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan osori-atiqalar, ilmiy ma’lumotlar va hujjatlarni tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//