Magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda sertifikat talabi bekor qilindimi?

Saqlash
12:31 / 24.07.2025 407 0

Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yil 19-iyuldagi PF–114-sonli Prezident Farmoni noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Shu munosabat bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy bayonot berdi.

 

Unda yozilishicha, mazkur Prezident Farmoni bilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilgan va ba’zilarining ayrim bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan.

 

Xususan, 2021-yil 19-maydagi PQ–5117-sonli Qarorning 6-bandi to‘rtinchi xatboshisi chiqarib tashlangan.

 

Ma’lumot uchun, ushbu bandda magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikati talabining ilk joriy etilishi nazarda tutilgan edi.

 

“Biroq, mazkur normaning chiqarib tashlanishi xorijiy til bo‘yicha sertifikatlar talabi butunlay bekor qilindi degani emas”, deyiladi bayonotda.

 

Sababi, 2024-yil 24-maydagi PF–81-sonli Prezident Farmoni bilan magistratura mutaxassisliklari va oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etilishi belgilangan:

 

▪️ xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha — kamida C1 darajasida;

 

▪️ gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ta’lim sohalari bo‘yicha — kamida B2 darajasida;

 

▪️ boshqa ta’lim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari bo‘yicha — kamida B1 darajasida.

 

Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib, vazirlik PF–81-son Prezident Farmoni bilan belgilangan xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar talabi hozirda ham amalda ekanini eslatdi va bu borada tarqalayotgan noto‘g‘ri talqinlarga e’tibor bermaslikni so‘radi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//