
Jamiyat
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash sohasida amaliy oʻzgarishlar boshlanganini maʻlum qildi.
“Men koʻpincha shu savol ustida oʻylanaman: katta yoshdagi inson qaysi pallada boladagi insoniy qiyofani koʻrmay qoladi? Qachon gʻazab va bezovtalik zoʻravonlik uchun bahonaga aylanadi? Himoya uning haquqi sifatida bolaning ilk nafasidan boshlab mavjud boʻlishi lozim. Shart-sharoitlarga bogʻliq boʻlmagan, mutlaq va kafolatli tarzda”, deb yozadi u Instagramʻdagi sahifasida.
Uning bildirishicha, soʻnggi bir necha oydan buyon Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarga nisbatan zoʻravonlikni oldini olish boʻyicha izchil ishlar olib bormoqda. Bugungi kunda mazkur mavzu yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtarilmoqda. Agentlik Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqqan.
“Maqsad – bolalarga nisbatan zoʻravonlik qilgan shaxslar jazodan chetda qolmasligi, javobgarlik adolatli va muqarrar boʻlishi, yengillashtiruvchi holatlarsiz, mumkin boʻlgan eng ogʻir jazo choralari qoʻllanilishiga erishishdir”, deydi Shahnoza Mirziyoyeva.
Qayd etishicha, hozirda Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligi vakillaridan iborat idoralararo ishchi guruh shakllantirilmoqda. Ushbu guruh quyidagi aniq va amaliy oʻzgarishlar ustida ish boshlab boʻlgan:
– bolalarga ziyon yetkazgan shaxslar uchun jazo choralarini yanada kuchaytirish
– shafqatsizlikka yoʻl qoʻyganlar uchun bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash
– javobgarlikni tezkor va samarali taʻminlash maqsadida yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish.
“Men zoʻravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman. Bu – har doim kattalarning ongli tanlovidir. Demak, buning muqobili sifatida boshqa bir tanlov ham boʻlishi shart: uni toʻxtatish tanlovi. Oqlash emas. Muammoga koʻz yummaslik tanlovi”, dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari.
Oʻzbekistonda 38 milliondan ortiq aholining yarmidan koʻpini bolalar va yoshlar tashkil etadi.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q