Atoqli shoir Eshqobil Shukurning yangi kitoblari nashr etildi

Saqlash
17:40 / 23.07.2025 22 0

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli shoir Eshqobil Shukurning “Oy yo‘lishe’riy saylanmasi hamda “Boboso‘z izidan” (to‘ldirilgan qayta nashr) kitoblari nashrdan chiqdi. Kitoblar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan.

 

So‘zdan uzoqlashgan odam o‘zidan uzoqlashadi. O‘zidan olislab ketayotgan odamning ma’naviyati ham, o‘zi ham zavolga moyildir. “Boboso‘z izidan” kitobi bevosita so‘zga, so‘zki, xalqimiz tarixiga tomirdosh bo‘lgan, turkiy tillar oilasida xazinasi, jozibasi, rang-u harorati, qo‘yingki, sharafi baland asl o‘zbek so‘zlariga bo‘lgan katta muhabbati tufayli, ularni asrab qolishdek ezgu niyat samarasi o‘laroq maydonga keldi. Hayot ummonida suzib borayotgan Til kemasining har bir yo‘lovchisi shu ulug‘ ulov taqdiriga javobgar. Shu ma’noda, “Boboso‘z izidan” kitobi ma’naviy hayotimiz uchun bugun eng dolzarb asarlardan bittasi, desak, mubolag‘a emas.

 

Muallifning ko‘p yillik mehnat-u mashaqqati samarasi – adabiy xazinasini varaqlay turib xayolda kechgani, so‘zda sehr, she’rda hikmat bo‘lishi kerak, degan mazmunidagi hadisi sharif bo‘ldi. Eshqobil Shukur chindan ham hikmat so‘ylaydigan shoir. So‘ylaganda ham faqat o‘ziga o‘xshab yuragini kuylaydigan ahli qalamdir. Ustoz Abdulla Orif iborasi bilan aytadigan bo‘lsak, har qanday soxta ohanglardan xoli dilkashlik, samimiyat, mehr, kuyinchaklik, teranlik, go‘zallik bilan navbatdagi diydor muborak bo‘lsin, deymiz.

 

Shoirning ko‘p yillik izlanishlari natijasida dunyoga kelgan mazkur kitoblar ham millat ma’naviyatiga xizmat qilishi, adabiyot xazinasining durdonalari qatoridan joy olishi, shubhasiz.

 

Eslatib o‘tamiz, Eshqobil Shukur 1961-yil Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi Boymoqli qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini bitirgan (1984). Ilk she’rlar to‘plami – “Yurakni o‘rganish” (1984). Shundan so‘ng uning “Sochlari sumbul-sumbul” (1988), “Tungi gullar” (1989), “Yashil qushlar” (1995), “Hamal ayvoni” (2003), “Ko‘zni yumib ko‘rganlarim” (2013) she’riy kitoblari va “Ko‘hna bog‘ rivoyatlari” (2005), “Boboso‘z izidan” (2018), “Asr afsonalari” (2022) nasriy kitoblari nashr etilgan. “Naqshband”, “Ibtido xatosi” dostonlari, “Nasoyim ul-muhabbatga sayr” turkumi, shuningdek, “Oqibat oqshomi”, “Dunyoning ko‘chishi” kabi qissalari muallifi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//