SSV yuqori harorat sabab allergik reaksiyalar paydo bo‘lishidan ogohlantirdi

Saqlash
12:15 / 23.07.2025 43 0

O‘zbekiston bo‘ylab hafta davomida juda issiq havo saqlanib qolishi kutilmoqda. Anomal issiq kunlarda yuqori darajadagi ultrabinafsha nurlari allergik reaksiyalarni, jumladan, fotodermatozni yuzaga keltirishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi shu munosabat bilan quyosh nuri ta’siri, jumladan, allergik reaksiyalardan ogohlantirdi.

 

Qayd etilishicha, yuqori darajadagi ultrabinafsha nurlari allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi bilan xavf tug‘diradi. Bunday sharoitda terining quyosh nuriga ta’sirchanligi oshadi.

 

Shu tufayli fotodermatoz kasalligi yuzaga kelishi mumkin. Ya’ni ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishib, allergik reaksiya paydo qilishi ehtimoli yuqori.

 

Fotodermatoz ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘, kuyish ko‘rinishidagi turli toshmalar, ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar yuzaga kelishi bilan namoyon bo‘ladi.

 

Toshmalar quyosh nuri ta’sir qila boshlagan ilk soatlardan to bir hafta mobaynida hosil bo‘ladi, deya qayd etdi vazirlik. Bu xastalik alomatlari, odatda, muolajalardan so‘ng yo‘qoladi. Biroq u surunkali tus olishi ham mumkin.

 

Shunday muammolardan saqlanish uchun, avvalo, soat 10:00 dan 16:00 gacha soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi. Imkon qadar yopiqroq kiyinish zarur. Ta’sirchan teri uchun mo‘ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq.

 

Aytilishicha, ba’zi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi mumkin. Shu bois preparatni qo‘llashdan oldin ko‘rsatmalarni diqqat bilan o‘qish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.

 

«Agar sizda fotodermatoz belgilari paydo bo‘lsa, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilishingiz mumkin», – deyiladi SSV xabarida.

 

Shuningdek, Eritromitsin, Tetrasiklin va Streptomitsin kabi dorilar ultrafinafsha nurlarini tortish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlarga issiq kunlarda kunduzi ko‘chaga chiqishi tavsiya etilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//