“Yelkamda Vatanning yuki bor” kitob-albomi taqdimoti oʻtkazildi

Saqlash
09:45 / 22.07.2025 70 0

 

Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan 23 nafar askar va zobitlar haqida “Yelkamda Vatanning yuki bor” nomli kitob-albom tayyorlandi.

 

Mudofaa vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan 23 nafar askar va zobitlar haqida “Yelkamda Vatanning yuki bor” nomli kitob-albom tayyorlandi. 21-iyul kuni Gʻalaba bogʻida ushbu kitobning ilk taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

 

 

Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov hamda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Hamdam Qarshiyev ishtirok etdi.

 

Shuningdek, marosimda vatan yoʻlida jon bergan harbiylarning ota-onalari, yaqinlari ham qatnashdi. Ular soʻzga chiqib, davlat va millat ulugʻlar ekan, ularning yaqinlari hali ham tirikligini, vatan uchun jon berishi eng katta sharaf ekanini qayd etdi. Ularga kitob-albomning ilk nusxalari tantanali ravishda topshirildi.

 

 

“Davlatimiz rahbari tomonidan, Yangi Oʻzbekistonda nafaqat oʻtgan asrlardagi, balki Oʻzbekiston uchun jon bergan har bir zamondagi insonni xotirlash, uning hurmatini joyiga qoʻyish siyosati olib borilmoqda. Inson qadri gʻoyasi ham aslida mana shudir. Zero, yurt xavfsizligi va millati tinchligi yoʻlida oʻz jonini qurbon qilgan bu yigitlarni unutishga haqqimiz yoʻq”, dedi Otabek Hasanov.

 

Shundan soʻng marosimning badiiy qismi boʻlib oʻtdi va unda vatanparvar, milliy qoʻshiqlar ijro etildi. Shu bilan tadbir yuqori va koʻtarinki kayfiyatda yakunlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//