O‘zbekistonda farzandlariga aliment to‘lab kelayotgan ayollar statistikasi ochiqlandi

Saqlash
09:25 / 21.07.2025 88 0

O‘zbekistonda 3500 nafar ayol farzandini ta’minlash uchun aliment to‘lash majburiyatini olgan, deya ma’lum qildi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati.

 

Xabarga ko‘ra, 2018-yilda aliment va moddiy ta’minot undiruvlari bo‘yicha jami 240 mingta ijro hujjati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilning 1-yarim yilligi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 348 mingtani tashkil etgan. Bu keyingi 7 yil davomida ish yurituvdagi aliment bo‘yicha hujjatlar 45 foizga o‘sganini ko‘rsatadi.

 

Shundan 3500 nafar onadan aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari qayd etilgan.

 

Ayollar tomonidan aliment to‘lanishi holatlari bo‘yicha eng ko‘p ko‘rsatkich Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Undan keyingi o‘rinlardan esa Farg‘ona, Surxondaryo va Andijon viloyatlari joy olgan.

 

Eslatib o‘tish lozim, odatda aliment to‘lash majburiyati erkaklar zimmasida bo‘ladi, biroq sud qarorlari asosida bolalarning vasiyligi otalariga berilganda, ba’zi holatlarda ona aliment to‘lovchisi sifatida qayd etiladi.

 

“Onalar tomonidan aliment to‘lash holatlari kam uchrasa-da, oxirgi yillarda aliment to‘lovchilar soni ko‘payishi bilan birga bunday holatlar soni ham ortib bormoqda”, deyiladi xabarda.

 

Byuro bola huquqlarini ta’minlash maqsadida har ikki tomonning teng javobgarligini ta’minlashga harakat qilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//