Kambagʻallarni oʻzlarini atayin qashshoq koʻrsatishda ayblagan Kuba vaziri ishdan olindi

Saqlash
16:18 / 17.07.2025 47 0

 

Kuba mehnat va ijtimoiy taʼminot vaziri Marta Yelena Feito Kabrera mamlakatda yoʻqsillar, tilanchilar yoʻqligini, faqat oʻzini tilanchilardek kiyinib olgan odamlar borligini aytgani sabab isteʼfoga chiqdi. Bu haqda Associated Pressnashri xabar berdi.

 

16-iyul kuni vazir Milliy assambleya qoʻmitasida deputatlarga davlatdagi qashshoqlik haqida nutq soʻzlagan.

 

“Biz tilanchilarga oʻxshash odamlarni koʻrdik. Ammo ularning qoʻllari va kiyimlariga qarasangiz bu aslida maskirovka ekanini, ular qashshoq emasligini koʻrasiz. Kubada kambagʻallar yoʻq!”, degan vazir parlamentdagi chiqishida.

 

Vazir, shuningdek, mashina oynalarini tozalovchi odamlar topgan pulini “alkogol ichishga” sarflashini daʼvo qilgan.

 

Kabrera chiqindi tituvchilarni ham ayblab, “ular chiqindilarni qayta sotish va soliq toʻlamaslik uchun bu ish bilan shugʻullanadi” deya iddao etgan.

 

Iqtisodiy ogʻir sharoitni boshdan kechirayotgan Kubada vazir soʻzlari keng rezonansga sabab boʻldi. Hatto, mamlakat prezidenti ham uni tanqid qildi.

 

“Muammoni bartaraf etishda sezgirlikning yoʻqligi katta shubha-gumonlarni keltirib chiqaradi. Inqilob hech kimni taraqqiyotdan ortda qoldira olmaydi. Bu bizning shiorimiz, jangovar burchimizdir”, degan prezident Migel Diaz Kanel.

 

Kubadagi iqtisodiy inqiroz ijtimoiy ahvolni ogʻirlashtirdi va odamlar, ayniqsa qariyalar tilanchilik qilish yoki chiqindi titkilash, baʼzilari esa chorrahalarda mashina oynalarni yuvish kabi orol uchun gʻayrioddiy ishlarni qilishga majbur boʻlmoqda.

 

 

Kubada bir necha yil oldin ham qashshoqlik darajasi yuqori edi. Biroq kam taʼminlanganlarga katta imtiyozlar berilgandi. Yaqinda ular kamaytirildi va orolda tilanchilik hamda uysizlik muammolari paydo boʻldi.

 

“Vazir aytgan odamlar, asosan keksalar. Ular nafaqaga umid qiladi, lekin u deyarli yoʻq. Unga hatto bir quti tuxum ham sotib ololmaysiz. Kubada mana shunday reallikda yashayapmiz”, deydi kubalik Gilen.

 

16-iyul kuni Kuba prezidenti maʼmuriyatining X tarmogʻidagi bayonotida Mehnat va ijtimoiy taʼminot vaziri Marta Elena Feito Kabrera “oʻz xatolarini tan olgani va isteʼfoga chiqqani” haqida xabar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//