Bolalarni oʻtkir tigʻli buyumlar bilan urishtirgan bloger javobgarlikka tortildi

Saqlash
15:24 / 17.07.2025 99 0

 

“Chechenka” taxallusi bilan mashhur boʻlgan bloger bolalarni oʻtkir tigʻli buyumlar bilan urishtirgani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga koʻra, bloger A.G. oʻgʻli va jiyanini urishtirgan. Unda ayol bolalarni pichoq va vilkalardan foydalanib urishishga chaqirgan. Mazkur holat bolalar ombudsmani tomonidan oʻrganilib, holatga huquqiy baho berish maqsadida 14-iyul kuni IIVga tegishli soʻrov berildi.

 

Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIB tomonidan aniqlanishicha, 1993-yilda tugʻilgan A.G. 13-iyul kuni Toshkent viloyatida oilaviy dam olish vaqtida kichik yoshdagi oʻgʻli va jiyanini goʻyoki hazillashib urishtirgan va bu holat tasvirlangan videoni oʻz Instagram sahifasiga joylashtirgan.

 

Senator Jamila Bobonazarova yuz bergan holatni keskin tanqid qilib chiqdi. Uning taʻkidlashicha, u bloger haqida maʻlumot toʻplashga harakat qilgan va uning asosiy auditoriyasini ayollar, asosan koʻp farzandli onalar tashkil etishini aniqlagan.

 

“Xalq vakili sifatida men bunday kontentning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishini qatʻiyan qoralayman. Bu masala bilan Bolalar ombudsmani shugʻullanishi kerak. Bu ayolning ruhiy holatini – ruhiy jihatdan sogʻlommi-yoʻqmi, tekshirish kerak. Chunki bolasi va jiyanini urishtirib ʻpichoqni ol, vilkani tiqvolʻ degan gaplar menimcha, ruhiy sogʻlom onadan chiqishi mumkin emas”, – degan senator.

 

“U, shuningdek, Oʻzbekistonda hatto xoʻroz urishtirganlik uchun jazo belgilanganini taʻkidladi. ʻBu yerda esa gap bola haqida ketmoqda”, — dedi u.

 

15-iyul kuni fuqaro A.G. bola manfaatiga zid harakatlari uchun Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʻlim berish borasidagi majburiyatini bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortildi. Hozirda mazkur oila mutasaddilar tomonidan alohida nazoratga olingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//