Qozogʻistonda kelin oʻgʻirlaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi

Saqlash
12:16 / 17.07.2025 50 0

 

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev stalking (noqonuniy taʻqib qilish) va kelin oʻgʻirlaganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Tengrinews nashri xabar berdi.

 

Qonun loyihasi jinoiy-ijro qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartishlarning toʻrtta blokini oʻz ichiga oladi va tez orada matbuotda eʻlon qilinadi.

 

Hujjatda birinchi marta “stalking” taʻrifi keltirilgan - bu shaxsni uning irodasiga qarshi aloqa oʻrnatish va (yoki) kuzatishga qaratilgan harakatlarda ifodalangan, zoʻravonlik bilan bogʻliq boʻlmagan, katta zarar yetkazgan noqonuniy taʻqib. Bunday qilmish uchun jarima yoki 90 sutkagacha qamoq jazosi qoʻllanilishi mumkin.

 

Xuddi shu qonun bilan Jinoyat kodeksiga kelin oʻgʻirlash uchun javobgarlik (modda “Nikohga majburlash” deb nomlanadi) kiritildi – buning uchun fuqaro jarima, axloq tuzatish ishlari, erkinlikni cheklash va jinoyatning ogʻirligiga qarab 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Shu paytgacha Qozogʻistonda bunday ishlar boʻyicha ayblanuvchilar odatda odam oʻgʻirlash moddasi boʻyicha sudlanar, unda 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan edi. Ammo oʻgʻirlangan ayolni oʻz ixtiyori bilan ozod qilgan shaxs, agar uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi boʻlmasa, javobgarlikdan ozod qilinardi.

 

Avvalroq, Qosim-Joʻmart Toʻqayev Milliy qurultoy yigʻilishida Qozogʻistonda kelin oʻgʻirlash holatlarini qattiq qoraladi.

 

“Mamlakatimizda goʻyoki milliy urf-odatlarni bahona qilib, kelin oʻgʻirlash amaliyotini tatbiq etishga urinayotganlar ham borki, bunday xurofotni umuman oqlab boʻlmaydi. Bu progressiv jamiyat ideallariga, jumladan, har bir insonning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari mutlaq ustun turadigan jamiyatga zid keladi. Bunday faktlar nafaqat maʻnaviy qoralashni, balki huquqiy baho berishni ham talab qiladi”, degandi prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//