
Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan quyidagicha qaror qildi:
Aholining istiqbolli tashabbuslarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlarining asosiy maqsadlari etib:
samarali va xalqchil islohotlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik va jamiyatning turli qatlamlari vakillari, xususan, yetuk mutaxassislar, yoshlar, tadbirkorlar, faol fuqarolar va vatandoshlarning (keyingi oʻrinlarda – keng aholi qatlami) ishtirokini qoʻllab-quvvatlash;
mamlakat raqobatbardoshligini oshirish, yangi texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini integratsiya qilish;
istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida keng aholi qatlami uchun ochiq muloqot maydonini yaratish;
zamonaviy, ilgʻor gʻoyalar va istiqbolli tashabbuslarni saralash va tanlab olishning samarali mexanizmlarini joriy qilish belgilandi.
“Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini oʻtkazish
2025-yildan boshlab har yili “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini (keyingi oʻrinlarda – Forum) oʻtkazib borish amaliyoti joriy qilinishi belgilandi.
Forum “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish jarayonida keng aholi qatlamining istiqbolli tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga hamda ularning faolligini ragʻbatlantirish va keng targʻib qilishga qaratilgan;
Forum oʻtkaziladigan ustuvor yoʻnalishlar har yili “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tomonidan belgilab beriladi;
Forumga umumiy tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish Tashkiliy qoʻmita, istiqbolli tashabbuslarni baholash Mentorlar kengashi tomonidan amalga oshiriladi;
Strategik islohotlar agentligi Forumga kelib tushgan istiqbolli tashabbuslarni yigʻish, ularning yagona roʻyxatini shakllantirish, maxsus kraud platformaga joylashtirish va eʼlon qilib borishga hamda Forum natijasi boʻyicha maʼqullangan istiqbolli tashabbuslarning masʼul vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishini muvofiqlashtirishga masʼul hisoblanadi;
Forumni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar 2025-yilda Strategik islohotlar agentligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, 2026-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutib boriladi;
Forumni oʻtkazish joyini tegishli vositalar (bannerlar, videoroliklar, ekranlar, aloqa va boshqa vositalar) bilan taʼminlash “Interforum” DUK tomonidan amalga oshiriladi;
Forumning endaument fondi ixtiyoriy mablagʻlar asosida shakllantiriladigan fond sifatida tashkil etiladi;
Forumda maʼqullangan istiqbolli tashabbuslarni tijoratlashtirish va moliyalashtirishga “Biznesni rivojlantirish banki” ATB va boshqa tijorat banklari, shuningdek, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi masʼul hisoblanadi, deya belgilandi.
Tashkiliy chora-tadbirlar
Quyidagilar:
“Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumining mentorlar kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
“Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom 3-ilovaga muvofiq;
“Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini 2025-yilda oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlanishi belgilandi.
Unga koʻra:
Forumga tayyorgarlik jarayonida kelib tushgan istiqbolli tashabbuslar top-50 va top-10 talik tartibida saralanadi;
Mentorlar kengashi tomonidan top-10 deb topilgan eng dolzarb istiqbolli tashabbuslar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkaziladigan Forumning yalpi majlisida muhokama qilinadi;
Forumning yalpi majlisini oʻtkazish yakunlari boʻyicha maʼqullangan istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi;
chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish uchun kredit va grantlar ajratilishi, soliq, bojxona va boshqa ragʻbatlantirish choralari qoʻllanishi mumkin;
Forum doirasida kelib tushgan boshqa tashabbuslar Vazirlar Mahkamasiga davlat dasturlarini, tegishli soha, tarmoq
yoki hududlarni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni shakllantirish maqsadida yuboriladi hamda Hukumat tomonidan ularni amalga oshirish yuzasidan zarur choralar koʻriladi.
Strategik islohotlar agentligi (B.Raxmatov) hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov), “Biznesni rivojlantirish banki” ATB (S.Annaklichev) va “Interforum” DUK (B.Zufarov) bilan birgalikda ikki oy muddatdaForumda ishtirok etishni xohlovchi shaxslarni ochiq elektron roʻyxatga olish, anketa toʻldirish, istiqbolli tashabbusning profili va kun tartibi, dasturi, ishtirok etish shartlari, shuningdek, boshqa maʼlumotlar olish imkoniyatini beruvchi kraud platformasi yaratilishini va ishga tushirilishini taʼminlasin.
Tashkiliy qoʻmita (B.Raxmatov):
2025-yilda oʻtkaziladigan Forumning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashi, ikki oy muddatda Forumni 2025-yilda oʻtkazishning aniq sanasi va joyi haqida taklif kiritishi hamda forumni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini, shuningdek, masʼul ijrochilar faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlashi belgilandi.
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston milliy axborot agentligi Forumni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida, jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini taʼminishi belgilandi.
Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Strategik islohotlar agentligi direktori B.B. Raxmatov belgilandi.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi B.M. Mavlonov zimmasiga yuklandi.
Siyosat
Jamiyat
Ilm-fan
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q