“Vazirlik ta’lim sohasida bunday jirkanch holatlarga mutlaqo toqat qilmaydi” – Kongratbay Sharipov

Saqlash
11:19 / 15.07.2025 28 0

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov taʼlim sohasi vakillarini jinoyat emas, bilim va tarbiya orqali jamiyatga xizmat qilishga chaqirdi.

 

Kuni kecha Toshkent va Farg‘onada ayrim fuqarolar, jumladan, ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar tomonidan abituriyentlarni oliy ta’lim muassasasiga noqonuniy, pora evaziga kiritib qo‘yishga urinish holatlari aniqlangan, ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan edi.

 

Vazir mazkur holatlarni mutlaqo kechirilmas va keskin qoralovga loyiq harakatlar deb baholab, bunday noqonuniy urinishlar butun oliy ta’lim tizimiga dog‘ tushirishini ta'kidladi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash tarafdori ekanini, ta’lim sohasida bunday jirkanch holatlarga mutlaqo toqat qilinmasligini bildirib,  ayniqsa, bunday holatlar davlat rahbari tomonidan ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan halollik va adolat tamoyillariga zid ekanini va bu jamiyatda ishonchsizlikni yuzaga keltirish xavfini tug‘dirishini aytdi va o‘qituvchilar va soha vakillariga murojaat qildi:


“Biz sizlardan bilim va tarbiya berish orqali jamiyatga xizmat qilishni kutamiz, jinoyat sodir etishni emas. Har bir pedagog bu muqaddas kasb ortida yurt kelajagi, inson taqdiri turganini chuqur his qilishi kerak. Oliy ta’lim tizimidagi har bir rahbar va xodim korrupsiyaga qarshi shaxsiy mas’uliyat bilan yondashishi, bu borada faqat qonun doirasida faoliyat yuritishi shart”, – deydi vazir.

 

U shuningdek, abituriyentlarga hech kim pora evaziga oliygohga kiritishga haqqi yo‘q ekanini, ular faqat o‘z bilimi orqali adolatli tanlov asosida talaba bo‘lishi mumkinligini qat’iy bildirdi.

 

Xabarda shuningdek, vazirlik barcha ta’lim muassasalarida ochiqlik, shaffoflik va adolatli raqobat muhitini mustahkamlash, bu kabi holatlarga barham berish yo‘lida ish olib borishi ta’kidlangan.
Huquqbuzarlikka qo‘l urgan shaxslar qonun oldida javob berishi va jazo muqarrarligi eslatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//