Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlandi

Saqlash
15:56 / 14.07.2025 137 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.

 

Ushbu Farmonga muvofiq, Prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlangan. Natijada esa Administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirilgan, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirilgan.

 

Shu bilan birga, Farmonga asosan, endilikda Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Bular — ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalaridir.

 

Ushbu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

 

Bundan tashqari, Prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//