2030-yilgacha O‘zbekistonda asfalt qilinmagan ichki yo‘l qolmaydi – transport vaziri

Saqlash
08:48 / 14.07.2025 75 0

O‘zbekistonda 2030-yilgacha mahallalardagi barcha asfaltlanmagan ichki yo‘llar tartibga keltiriladi. Bu haqda 11-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da transport vaziri Ilhom Maxkamov ma’lum qildi, deya yozmoqda Gazeta.uz.

 

Deputatlardan biri mahalliy yo‘llar holatiga e’tibor qaratilmayotganini tanqid qildi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholi ularning qoniqarsiz ahvolidan shikoyat qilib kelayotganini alohida ta’kidladi.

 

«Biz deputatlarni bir qiynaydigan masala bor. Buni ochiq aytish kerak. Hozir ma’ruzangizda ham bu narsani men eshitmadim, kutdik, to‘g‘risini aytish kerak. Bizni — barcha deputatlarni qiziqtiradigan masala mahalliy yo‘llar: qishloq, ovul, shaharlararo o‘rtadagi yo‘llar. Respublika miqyosidagi yo‘llarni batafsil aytdingiz. Respublika miqyosidagi yo‘llar bo‘yicha islohot haqiqatan zo‘r, juda chiroyli olib borilyapti. Lekin ba’zi bir joylarga borganimizda Open budget’ga qo‘yolmaydigan mahallalar bor, ovoz berolmaydigan mahallalar bor», — dedi u.

 

Shuningdek, deputat ajratilgan mablag‘ mahalliy yo‘llarni saqlash uchun yetarli bo‘ladimi yoki yo‘qligiga shubha bildirdi:

 

«Hozir hisobotda ham turibdi — mahalliy hokimliklarga o‘tkazish masalasi. Ularning balansiga o‘tkazilyapti. Bitta tumanga 4 mlrd mablag‘ ajratilyapti, yana qo‘shimcha jamg‘armadan ajratilar ekan. Lekin mahalliy hokimlikning puli mahalliy yo‘lga yetish ehtimoliyati hisob-kitob qilinganmi? Doim kuz-qish mavsumi boshlansa, bizga murojaatlar ko‘payadi. „Farzandlarimiz loy yo‘llardan maktabga boryapti, bog‘chaga boryapti“, degan masalalar bor», — dedi u.

 

«Nimagaki, biz mahalliy hokimlikka qarab qoladigan bo‘lsak, ertaga biz aholining oldida hech qanday aniq javob yoki yechim bera olmaymiz. Nimagaki, bu aholi haqli e’tirozini bildirdimi, haqli e’tiroziga yarasha to‘g‘ri javobni berish kerak», — deya qo‘shimcha qildi deputat.

 

Bunga javoban transport vaziri Ilhom Mahkamov hisobotda mahalliy avtomobil yo‘llarini yaxshilash dasturi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilmaganini tan oldi va bunday dastur mavjudligi va amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

 

«Bizda aniq dastur bor. Men, ming afsus, ko‘rsatmabman. Bizning tasarrufimizda bo‘lmagan taqdirda ham buning umumiy siyosatni biz yuritamiz. Mahalliy hokimliklarning bo‘yniga qoldi degani bilan ham alohida parametr bo‘yicha, byudjetning parametri bo‘yicha ularga o‘sha yo‘llarni ta’mirlash ishlari bo‘yicha parametr, pul belgilab ketiladi. Siz aytganingizdek, 4 milliarddan tashqari, bu misol tariqasida, 4 milliarddan tashqari ularda qoldiq sifatida qolgan pullarni ham asosiy manbalardan bittasi bu yo‘l ta’mirlashdir», — dedi u.

 

Transport vazirligi rahbari besh yildan so‘ng mahallalardagi barcha asfaltlanmagan yo‘llar tartibga keltirilishini ma’lum qildi.

 

«Mahalla, ichki yo‘llarda 2030-yilgacha asfalt qilinmagan yo‘l qolmaydi. Aniq dastur bor. Ya’ni bugungi kunda biz 70 foiz loy, tuproq yo‘llarini ayrimini shag‘alga, ayrimini asfaltga o‘tkazdik. Qolgan 30 foizini, umuman, tuproq yo‘llarni ikki yilda shag‘alga o‘tkazamiz va 2030-yilgacha yurib bo‘lmaydigan aholi punktining o‘zi qolmaydi», — deb ishontirdi Ilhom Maxkamov.

 

«Bu ambitsioz bo‘lgan taqdirda ham, lekin mana, Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan birga bo‘ynimizga olgan tizim», — dedi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//