9 mingdan ortiq zo‘ravon jarimaga tortildi

Saqlash
10:37 / 11.07.2025 80 0

2025-yilning yanvar-iyun oylarida zo‘ravonlikdan jabrlangan va tazyiqqa uchragan 55 ming 757 nafar xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirildi. Bu haqda 10-iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘ng Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva ma’lum qildi.

 

Abdullayevaning aytishicha, himoya orderi berilganidan so‘ng cheklovlarni buzgan 9 ming 275 nafar zo‘ravon shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi va ular tuzatish dasturiga yo‘naltirildi.

 

“Himoya orderi bu — raqamning ortidan quvish jarayoni emas. Nafaqat zo‘ravonlikdan jabrlangan, balki jabrlanish ehtimoli bo‘lgan ayollarga ham himoya orderi berilmoqda. Order rasmiylashtirilgach, oila olti oy davomida nazoratda bo‘ladi. Biz oilani shunchaki tashlab qo‘ymaymiz. Zo‘ravon bilan psixokorreksion dasturlar amalga oshirilyapti. 2025-yil yarmida himoya orderida belgilangan cheklovlarni buzgan 9 mingdan ziyod shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari, tuzatish dasturi doirasida mahallalarda hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda birinchi navbatda, profilaktika inspektori mas’ul hisoblanadi”, deydi Umida Abdullayeva.

 

“Zo‘ravon shaxs, deganda odamning aynan gender mansubligini hisoblamaymiz. Chunki shaxs erkak yoki ayol: qaynona, qaynota, er, aka, uka — turli qarindoshlar bo‘lishi mumkin. Zo‘ravonlik holatlari nafaqat oilada, balki ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida ham kuzatilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 80−82 foizi oilada, qolgani esa turli obyektlarda sodir bo‘lyapti”, — deydi qo‘mita rasmiysi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//