Eldor Shomurodov Turkiyaning “Bashakshehir” jamoasiga o‘tdi

Saqlash
09:22 / 11.07.2025 67 0

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov “Roma”ni tark etib, Turkiyaning “Bashakshehir” jamoasi futbolchisiga aylandi. U bilan 2025−2026-yilgi mavsum yakuniga qadar sotib olish opsiyasi bilan ijara asosida kelishuv imzolandi.

 

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi, 30 yoshli Eldor Shomurodov Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” jamoasi futbolchisiga aylandi. U endi to‘q sariq-havorang libosli jamoa safida o‘ynaydi.

 

“Klubimiz Italiyaning “Roma“ jamoasi futbolchisi Eldor Shomurodov bilan 2025−2026-yilgi mavsum yakuniga qadar sotib olish opsiyasi bilan ijara asosida kelishuv imzoladi”, deyiladi “Bashakshehir” xabarida.

 

Jamoa 2024-2025 mavsumda Turkiya Superligasida 5-o‘rinni egallab, Konferensiyalar ligasiga yo‘l olgan.

 

Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, shartnoma muddati 2026-yil 30-iyungacha. Futbolchining joriy bahosi 5 mln yevroni tashkil etadi.

O‘z navbatida, “Roma” futbolchiga omad tiladi. U klub safiga 2021-yil avgustda qo‘shilgandi (o‘shandan beri sportchi Italiyaning “Kalyari” va “Spetsiya” klublarida ham ijara asosida o‘ynab qaytgan).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//