
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Prezident poytaxtning Shayxontohur va Chilonzor tumanlariga tashrif buyurdi. Ularni Bunyodkor koʻchasi bogʻlab turadi. Ushbu markaziy koʻchada sanʻat va madaniyat maskanlari, turli idoralar, koʻp qavatli uylar, supermarket va restoranlar joylashgan. Bu salohiyatdan foydalanib, uning 1,5 kilometr qismi xizmat koʻrsatish va gastroturizm koʻchasiga aylantirildi.
Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerdagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Qayd qilinishicha, bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik subʻyekti tunu kun ishlash tartibiga oʻtkazilgan. Shundan 45 ta korxona yangi tashkil etilgan. 500 kishi ish bilan taʻminlangan. Hozir bu joyga yiliga 255 ming mehmon kelmoqda. Endi ularning sonini yiliga 1 millionga yetkazish uchun sharoit bor.
Soʻnggi yillarda turizm sohasida 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. Oʻtgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi. Turizm qishloqlari, mehmon uylari, gastronomik koʻchalar qoʻllab-quvvatlanayati.
Poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida shunday gavjum koʻchalar tashkil etilgan. Taʻkidlanishicha, Bunyodkor koʻchasi mazkur turizm halqasining bir qismi boʻladi. Umuman, Toshkent shahrida 26 ta koʻchani tunu-kun ishlaydigan gavjum koʻchaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini mingtaga koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Shu yerda zamonaviy bekatlar hamda avtoturargohlar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Shundan soʻng Prezident Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasida boʻldi.
Maʻlum qilinishicha, Yangi Kamolon mahallasida 4 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. 60 dan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida mahalla yoshlari ish bilan band. Bu yil hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik doʻkonlari, novvoyxona tashkil etildi, xususiy tibbiyot punkti ochildi. Natijada mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylandi.
Shu yerda Shayxontohur tumani “Islohotlar shtabi” faoliyati toʻgʻrisida axborot berildi.
“Shayxontohurda hunarmandchilik azaldan boʻlgan. Bugun ham tumanda odamlarni ish bilan, daromad bilan taʻminlashda bu katta manba. Shuning uchun Shayxontohur misolida xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha yangi chora-tadbirlar rejasini qabul qilamiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Yangi Kamolon” boshqaruv servis kompaniyasi mahalladagi 21 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi. Hisob-kitoblarda billing tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bu yil markaziy issiqlik quvurlari izolyatsiya qilindi, elektr tarmoqlari va uylarning yoʻlaklari taʻmirlandi. Ayrim uylarga yangi liftlar oʻrnatildi.
Davlat rahbari kelgusida boshqaruv servis kompaniyasi binolarini koʻp qavatli qilib qurib, yoshlar uchun kasb-hunar oʻquvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish boʻyicha koʻrsatma berdi. Bu yerdagidek kichik kutubxonalarni boshqa mahallalarda ham tashkil etish muhimligi taʻkidlandi.
Mahalla ayvonida aholi bilan samimiy suhbat boʻldi.
“Soʻnggi yillarda koʻp korxonalar ochildi, iqtisodiyot oʻsyapti. Shu bilan birga, yoshlarimiz ham yetishib kelyapti. Ularning taʻlim-tarbiyasi, sogʻligi, ish oʻrinlarini hozirdan oʻylashimiz kerak. Shuning uchun bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz. Buning hisobidan Shayxontohurda ham yangi-yangi ish joylari, taʻlim maskanlari, infratuzilma inshootlari boʻladi”, dedi Prezident.
Otaxon va onaxonlar yurtimizdagi oʻzgarishlardan xursandligini taʻkidlab, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q