
Jamiyat
Shuningdek, Guliston shahar prokurori oʻrinbosari ham pora bilan ushlandi.
Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolboʻtayev tadbirkordan 10 ming dollar pora olayotganda DXX xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligining bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MChJ rahbariga tuman hududidan koʻp qavatli uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berishni vaʻda qiladi va evaziga 30 ming AQSh dollari talab qiladi.
Joriy yilning 5-iyul kuni bosh mutaxassis soʻralgan pul mablagʻidan 10 ming AQSh dollarini olib, tuman hokimiga beradi. 8-iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming AQSh dollarini ham oladi. Tadbirkorga tuman hokimining tegishli qarori bilan “Tokchilik” MFY hududida umumiy oʻrta taʻlim maktab binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta koʻp qavatli uy qurilishiga ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etadi.
Soʻngra, bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida tuman hokimiga 10 ming AQSh dollarini bergan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyiladi.
Hozirda Sharof Rashidov tumani hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan, bosh mutaxassisga esa Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Mahmud Parsamatovich Xolboʻtayev muqaddam Mirzachoʻl tumani hokimi va Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari boʻlib ishlagan, 2019-yil 26-oktyabridan Sharof Rashidov tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.
U Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan “Doʻstlik” ordeni bilan ham taqdirlangan.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida kuzatilgan boshqa bir korrupsion harakat ham DXX xodimlari tomonidan toʻxtatiladi. Guliston shahar prokurori oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, tadbirkordan pora talab qiladi. Voqea Boyovut tumanida qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari bilan yuz beradi. Prokuror Boyovut tumani IIB Tergov guruhi ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 168 va 167-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllamaslik hamda keyinchalik ishni gumonlanuvchi foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming dollar pora soʻraydi.
DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonun himoyachisi talab qilingan pulni oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
Prokuror oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Xabarga koʻra, yuqoridagi har ikki holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q