Joriy yildagi jinoyatlarning 42 foizini qaysi jinoyat turi tashkil etishi ochiqlandi

Saqlash
09:13 / 09.07.2025 74 0

Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni mahallada jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

 

Davlat rahbari yanvarda imzolagan qarorda soha idoralari uchun 2025-yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangandi hamda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirilgan.

 

Qarorga asosan o‘tgan olti oyda har bir viloyat, tuman va mahalla bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritalari” asosida ijtimoiy profilaktikaning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilib, jamoat joylarini raqamlashtirish qamrovi oshirilgan va huquq-tartibot oliygohlari tomonidan ilmiy-amaliy o‘rganishlar o‘tkazilgan.

 

Alohida e’tibor voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar va oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan. Buning natijasida 5200 ta mahallada birorta ham jinoyat bo‘lmagan.

Lekin bu borada kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar hali ham bor, qayd etdi prezident matbuot xizmati.

 

Shu sababli profilaktika inspektorlari, tezkor-qidiruv, patrul-post va qo‘riqlash xizmati faoliyatini kuchaytirib, aholi xavfsizligini joylarda ta’minlash shartligi qayd etildi. Butun tizimni pastga tushirib, har bir mahallani “jinoyatchilikdan xoli hudud”ga aylantirish rejalashtirilmoqda.

 

Yig‘ilishda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik holatlari ko‘p uchrayotgani aytildi. Bunga qarshi kurashilayotgan, zararli vositalar va laboratoriyalar yo‘q qilinayotgan bo‘lsa-da, muammo to‘la bartaraf bo‘lmagan. Shu bois videokuzatuv kameralari va sun’iy intellektni qo‘llab, giyohvandlik moddalari tarqalishini aniqlash, manbasini tag-tomiri bilan yo‘q qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

 

Qayd etilishicha, yil boshidan buyon sodir etilgan jinoyatlarning 42 foizini kiberjinoyatlar tashkil qiladi. Prezident ularning oldini olish, aholining bu boradagi bilimi va ogohligini kuchaytirish, to‘lov tizimlarida mijozlarning manfaati va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

 

Soha xodimlarining bilim va malakasini oshirish — zamon talabi, dedi u. Shu bois Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyatini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, unga qabul kvotasini bosqichma-bosqich oshirish, yangi yo‘nalishlar ochish va dual ta’limni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

 

Davlat rahbari ta’lim va malaka dasturlarini zamonaviy xavf-xatarlarga moslashtirish, xodimlarning jangovar va ruhiy shayligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

Ichki ishlar tizimi, xabarga ko‘ra, prokuratura va boshqa huquq-tartibot idoralari bilan uzviy ish olib bormoqda. Xususan, respublikadagi kriminogen vaziyat kundalik tahlil qilinib, manzilli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Har bir jinoyatning sabablari o‘rganilib, qayta takrorlanmasligi choralari ko‘rilmoqda. Muqaddam sudlangan yoki ma’muriy nazoratdagi insonlarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashilmoqda.

 

Huquq-tartibot idoralari ishining o‘zaro muvofiqligi va tezkorligini kuchaytirib, qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash, jinoyatchilikni keskin kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi. Mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalik va qonun ustuvorligi iqtisodiyot rivoji, aholi farovonligining muhim sharti ekani ta’kidlandi.

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//