
Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Xonkendi shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya prezidenti Rajap Toyyip Erdog‘on, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari v.b. Mulla Abdul G‘ani Barodar, IHT bosh kotibi Asad Majid Xon hamda boshqa qator davlatlar va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari qatnashdi.
IHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston prezidenti so‘zining avvalida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdid solayotgan xavf-xatarlarni qayd etdi. O‘zbekiston yetakchisi mojaro va nizolarni diplomatiya va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish muhim ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Shu bilan birga, Falastin—Isroil ziddiyatini adolatli hal etmasdan turib, Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikka erishib bo‘lmasligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish kun tartibiga o‘tar ekan, O‘zbekiston prezidenti qator dolzarb masalalarga e’tibor qaratdi.
Avvalo tashkilotning o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari — 2035” konsepsiyasini qabul qilish muhimligi qayd etildi. Hujjatda an’anaviy yo‘nalishlar bilan bir qatorda innovatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish zarur.
Ayniqsa, tovarlar va xizmatlar savdosini soddalashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, elektron tijoratni rivojlantirish masalalari dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Bu boradagi strategik masalalarni muhokama qilish va Savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish uchun joriy yilda Toshkent shahrida savdo vazirlarining uchrashuvini o‘tkazish taklif qilindi.
Davlat rahbari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha tezkor axborot almashish va ularni to‘siqsiz yetkazib berish uchun “yashil yo‘laklar” tizimini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yanada shaffof va jozibador investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida uzoq muddatli “Ekoinvest” dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.
“Bu dasturning asosiy maqsadi mintaqamizdagi istiqbolli loyihalarga xususiy investorlar, banklar va xalqaro moliya institutlarini keng jalb etish, deb hisoblaymiz”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Hozirgi geosiyosiy sharoitda muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish strategik ustuvor vazifadir. Istiqbolli Transafg‘on yo‘lagiga tutashtirilishi mumkin bo‘lgan Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi keng mintaqadagi tranzit tarmoqlarini samarali bog‘lash imkonini berishi qayd etildi.
Davlat rahbari transport-logistika sohasini raqamlashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etishni tezlashtirish taklifini ham ilgari surdi.
“Mintaqada yangi aviaqatnovlar yo‘nalishlarini ochish, aviakompaniyalar o‘rtasida innovatsion hamkorlik shakllarini yo‘lga qo‘yish, turizm va aviatsiya sohalari o‘rtasida marketing bo‘yicha integratsiyalashgan strategiyalarni ishlab chiqish dolzarb vazifalardan biridir”, dedi O‘zbekiston rahbari.
Shu masalalarni muhokama qilish uchun joriy yilda Samarqandda Milliy aviakompaniyalar forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Sayyohlar oqimini ikki barobar oshirish uchun katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tildi. Tashkilot doirasida turizm xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.
Global iqlim kun tartibidagi masalalarda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini qayd etib, prezident cho‘l hududlarida o‘rmonlar tashkil qilish va rekreatsiya zonalarini barpo etish bo‘yicha Transchegaraviy “yashil dastur” ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
O‘zbekiston yetakchisi Yuqori darajadagi qo‘mita ishini ijobiy baholab, unga kelgusi sammitga qadar IHT faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar tayyorlash vazifasini topshirishni taklif qildi.
“Islohotlar hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish, tashkilotning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi”, dedi prezident.
Davlat rahbari so‘zining yakunida ushbu sammit Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikka kuchli sur’at bag‘ishlashi va yangi bosqichni boshlab berishiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston—Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalardagi muloqotlar faol kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi, qo‘shma korxonalar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘paymoqda. Karachi va Lahorda savdo uylari tashkil etilgan.
Savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi kooperatsiya loyihalari va dasturlarini jadallashtirish, shu jumladan Transafg‘on temiryo‘li qurilishini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q