Toshkentda Hududlarning arxitektura va shaharsozlik qiyofasini rivojlantirish markazi ochiladi

Saqlash
17:21 / 04.07.2025 34 0

Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Hududlarning arxitektura va shaharsozlik qiyofasini rivojlantirish markazi ochiladi. Ko‘cha va jamoat parklarining dizayn kodi ishlab chiqiladi, qurilish obyektlari tartibga solinadi, aholiga noqulaylik tug‘diruvchi salbiy omillar bartaraf etiladi.

 

Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Hududlarning arxitektura va shaharsozlik qiyofasini rivojlantirish markazi tashkil etiladi. Bu prezidentning 1-iyuldagi qarorida nazarda tutilgan.

 

Markazning asosiy vazifalari “Aqlli va xavfsiz shahar” modelini ishlab chiqish, jamoat parklari va ko‘chalarning dizayn kodlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha ishlarni tashkil etishdan iborat.

 

Uning quyidagi boshqa vazifalari ham bor:

 

Toshkentda Hududlarning arxitektura va shaharsozlik qiyofasini rivojlantirish markazi tashkil etiladi

Toshkentda Hududlarning arxitektura va shaharsozlik qiyofasini rivojlantirish markazi tashkil etiladi

– qurilish maydonlarini tartibga solish, aholi uchun noqulayliklar yaratuvchi salbiy omillarni bartaraf etish yechimlarini ishlab chiqish;

– aholi orasida qurilish madaniyatini shakllantirish, yakka tartibdagi uy-joylarni tartibli qurish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni targ‘ib qilish;

– yangi qurilayotgan binolar maydonlarini o‘lchash va xonalarini loyihalashning ilg‘or metodikalarini ishlab chiqish;

– qurilish jarayonlari davomiyligini sifatni ta’minlagan holda qisqartirish bo‘yicha ilmiy yechimlarni tayyorlash;

– jamoat binolari va ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini loyihalashtirish;

– madaniy meros obyektlarini xatlovdan o‘tkazish va restavratsiya qilish rejalarini ishlab chiqish;

– hududlardagi quruvchilar va muhandis-konstruktorlar uchun onlayn konsulbutatsiyalar hamda malaka oshirish kurslarini o‘tkazish.

 

Markaz o‘z faoliyatini tuman va shaharlar hokimliklari bilan hamkorlikda olib borib, har chorakda yangi loyihalarni taqdim etadi. Uning faoliyati Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

 

Toshkent arxitektura-qurilish universitetining professor-o‘qituvchilar va izlanuvchilari tuman (shaharlar)ga biriktiriladi va reja-grafikka asosan tegishli hududlarda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi. Ular mahalliy hokimliklar bilan birgalikda binolar, bog‘lar va ko‘chalarning milliy arxitektura qiyofasini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Hududlardan jalb qilingan har bir loyiha bo‘yicha o‘qituvchilar va abituriyentlar moddiy rag‘batlantiriladi.

 

2025-yil 1-avgustdan ilmiy yechimlarni amaliyotga tatbiq etishning yangi tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, Toshkent arxitektura-qurilish universitetida har chorakda o‘qituvchilar, abituriyentlar va qurilish sohasi vakillari o‘rtasida ochiq muloqotlar o‘tkaziladi. Ushbu uchrashuvlar doirasida sohani rivojlantirishning dolzarb muammolari va yo‘nalishlari, hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘llarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

 

Bundan tashqari, har olti oyda universitet ilmiy-texnik kengashi talabalar, aspirantlar va abituriyentlar bilan birgalikda davlat buyurtmasi asosida respublika miqyosida qurilishi rejalashtirilgan xavflilik omili III-IV toifa bo‘lgan obyektlar loyihalarini muhokama qiladi.

 

Har yili 1-dekabrgacha vazirlik universitetga yangi loyihaviy yondashuvlar, me’yoriy hujjatlar va qurilish sohasidagi asosiy muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqot mavzulari ro‘yxatini yuboradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//